Universitet mutasaddilari Samarqand shahri mahallalarida yashovchi muhtojlarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi
“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida SamDU jamoasi ham faol ishtirok etmoqda. Universitet tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar evaziga yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan Samarqand shahridagi yigirmadan ziyod mahallalarda istiqomat qiluvchi o‘nlab kam ta’minlangan, betob bo‘lib yotib qolgan, qarovchisini yo‘qotgan oilalarga zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Jumladan, shahardagi Maqsud Shayxzoda, Ziyokorlar, Orzu, Nurli yo‘l, Baraka, Oltin Asr, Temiryo‘lchi, Tutzor, Forobiy, Rahmatobod, Ali Qushchi, Adolat, Beruniy, Mevazor singari mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida yashovchi fuqarolar, moddiy yordamga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi. Albatta, bu ishlar bugungi kun talabiga qat’iy rioya qilingan holda, sanitariya-gigiyena talablari darajasida amalga oshirilmoqda.
– Bu savobli ishning boshida turganlar sira kam bo‘lmasin, – deydi Bekobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Maftuna Sayfullayeva. – Shu ulug‘ Ramazon kunlarda kam ta’minlangan oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlayotgan tashabbuskorlarga minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, universitet yotoqxonasida istiqomat qilayotgan xorijlik talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarga ham homiylik yordamlari ko‘rsatildi.
Dilmurod DO‘STMURODOV.