Artur Taymazov Vladikavkazdagi o‘zbek talabalariga yordam ko‘rsatdi
O‘zbekiston terma jamoasi sobiq a’zosi, erkin kurash bo‘yicha ko‘p karra Olimpiada va jahon chempioni Artur Taymazov ham xayrli ishga qo‘l urdi.
Cportchi Rossiya Federatsiyasining Vladikavkaz shahridagi Shimoliy Kavkaz tog‘-metallurgiya institutida tahsil olayotgan va o‘sha yerdagi yotoqxonada qolgan o‘zbek talabalariga o‘z hisobidan oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
- Bu yotoqxonada 100 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba ham istiqomat qiladi. O‘zbekiston mening ikkinchi Vatanim, men sevadigan davlat ekanligini hamma biladi. Mening butun sport faoliyatim O‘zbekiston bilan bog‘langan. Men bu ajoyib mamlakatni, o‘zbek xalqini yoqtiraman. Shunday ekan, bu yigitlarning hayotini e’tiborsiz qoldirib ketish noto‘g‘ri bo‘lar edi. Agar bizning yaqinlarimiz ham O‘zbekistonda shunday qolib ketishganida, shak-shubha yo‘qki, bu xalq ularni e’tibordan chetda qoldirmas edi, - dedi Artur Taymazov.