O‘zbekistonning «yashil» taraqqiyot yo‘li «Yashil yil» kitobida
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarni keng yoritgan «Yashil yil» kitobi nashrdan chiqdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashining davriy nashri — «Oila va tabiat» tahririyati tomonidan tayyorlangan va «Ijod-nashr» nashriyotida chop etilgan ushbu kitobi bugungi kunda mamlakatimizdagi ekologik jarayonlarni atroflicha yoritishga qaratilgan.
Kitobdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlarining ekologik qonunchilik samaradorligini oshirishga qaratilgan fikr-mulohazalari, tavsiya va takliflari o‘rin olgan. Shuningdek, ekologiya sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olimlar, professor-o‘qituvchilar, izlanuvchi va tadqiqotchilarning dolzarb ekologik mavzulardagi tahliliy maqolalariga ham keng o‘rin berilgan.
«Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili»da davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ekologik islohotlar, ularga O‘zbekiston Ekologik partiyasining munosabati, hududlardagi ekologik muammolarni hal etishda partiya deputatlarining ishtiroki alohida yoritilgan.
Kitobda ko‘plab fuqarolarning haqli e’tiroz va mulohazalariga sabab bo‘layotgan daraxtlarning noqonuniy kesilishi, noyob hayvonlarning ovlanishi, chiqindilarning noto‘g‘ri utilizatsiya qilinishi, suv resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, noqonuniy qurilishlar bilan bog‘liq ekologik muammolarga jamoatchilik, deputatlar va jurnalistlarning munosabatlari aks etgan tahliliy-tanqidiy chiqishlar ham o‘rin olgan.
Bularning barchasini xalqimizni o‘ylantirayotgan, ularni tashvishga solayotgan ekologik muammolarning matbuot va bosma nashrlardagi ifodasi, deb aytish mumkin.
«Yashil yil» kitobida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish va ulardan samarali foydalanish masalalari ham keng yoritilgan. Tabiatni asrash, biologik xilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga bag‘ishlangan maqolalar aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Shu jihatdan, mazkur kitobni umumta’lim maktablarida ekologiya bilan bog‘liq fanlarni o‘qitishda, shuningdek, yashil texnikumlar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari uchun ham foydali manba sifatida tavsiya etish mumkin.
«Yashil yil» — har bir o‘quvchini o‘ziga jalb etadigan, ekologik bilim va dunyoqarashni boyitadigan, bugungi kun uchun muhim masalalarni qamrab olgan nashrdir. Unda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning o‘ziga xos mujassam ifodasini ko‘rish mumkin.