Vatan biror sababga ko‘ra sevilmaydi
Chunki har bir kishining Vatani o‘zi uchun qadrli va sevimli.
Bani basharda o‘z kindik qoni to‘kilgan joyga nisbatan sevgi tuyg‘usi mavjud. Nizomiddin Navoiy bu holatni ilk marta o‘zining yigitlik yillarida yozgan mashhur ruboiysida yuksak mahorat bilan badiiy tasvirlaganki, u hali hanuz turkiy tilli xalqlar og‘zida zarbulmasal bo‘lib kelmoqda. Navoiy ruboiyda oddiygina xas-hashak, tikanlardan yasalgan o‘z oshyoni podshohlarning oltin qafasidan ortiq ko‘rgan bulbul timsolini g‘oyat yorqin ranglar orqali tasvirlagan edi:
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulg‘a tikandek oshyon bo‘lmas emish.
Shoir o‘z asarlarida, xususan, dostonlarida vatanparvarlikni insonparvarlik, odillik, ma’rifatparvarlik, milliy mustaqillik g‘oya va tushunchalari bilan bog‘lab talqin etgan. Masalan, “Saddi Iskandariy”da u Doroni mustaqil Eron shohi, deb quyidagicha ta’rif-tavsif etadi:
Jahon mulkida mustaqil podshoh,
Anga topshurub shohlar toshu goh.
Biroq u zulmkorlikka berilib, xalqi uni qo‘llab-quvvatlamagani uchun Iskandardan yengiladi. Demak, Alisher Navoiyning fikricha, o‘z mamlakatining ozodligini, mustahkamligini saqlab qolmoqchi bo‘lgan har kimsa, adolatli va ma’rifatli bo‘lishi shart.
Navoiy ta’kidlaganidek, bizning go‘zal bo‘stonimiz – O‘zbekiston. Sog‘inch va mehr qorishgan buyuk ajdodlar kalomida bayon etilgan yurtimiz doimo biz, farzandlar uchun muqaddas dargoh. Yurtning ertasi bo‘lgan yoshlar jahon minbarida bayrog‘imiz hilpirashi uchun hamisha kamarbasta.
Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonidan shunday baytni o‘qiymiz:
Iyolu Vatan uzra to joni bor,
Kishi harb etar toki imkoni bor.
Ya’ni, “har bir inson, u haqiqiy inson bo‘lsa, to tirik ekan, o‘z Vatani va oilasi (iyolu)ni imkoni boricha yovdan himoya etishga harakat qiladi”.
Ma’lum bo‘ladiki, Alisher Navoiy Vatan va oilani bir-biri bilan chambarchas bog‘liq tushunchalar, deb qaragan. Demak, kishi uchun o‘z oilasi – Vatani. Har kim o‘z oilasiga mehrli bo‘lar ekan, u yashagan joyini, shahrini, viloyati va mamlakatini seva oladi. Bu silsilaning biror-bir zanjiriga ham putur yetmasmligi lozim.
Xuddi shu ma’noda men ham shu millatning vakiliman, bir bo‘lagiman. Har bir yutug‘iga quvonaman, qusuriga achinaman. Yurtimning har bir vakili men uchun aziz. Millatim fe’li shunchalar rang-barangki, ta’rifida kitoblar bitsa arziydi.
Vatan sevgisi inson fitratiga jo etilmaganda edi: vatani cho‘l, botqoq va yoki muzliklardan iborat bo‘lganlar o‘z ona yerini maftun bo‘lib seva olmas edi, nazarimda.
Alisher Navoiy o‘z davrining davlatmand kishilaridan biri bo‘lgan. Binobarin, bu uning hajga borishini taqozo etgan. Lekin u ikki bor safarga otlanganda har safar Sulton Husayn Boyqaro uning mamlakatdan uzoqlashishini istamagan, buning uchun qulay sharoit yo‘qligini, mamlakatda va qo‘shni o‘lkalarda vaziyat murakkabligini aytib, uni muborak haj safaridan qaytargan. O‘z mamlakatini, xalqini jondan ortiq sevgan Navoiy esa podshohning iltimosini qabul qilgan va haj savobiga boshqa xayrli ishlarni bajarish bilan erishishga qaror qilgan.
A’loxon Mahmudov,
Shahrisabz davlat pedagogika instituti talabasi.