Vatanni ulug‘layotgan ijodkorlar e’tirof etildi

Samarqandda Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari, viloyat teleradiokompaniyasi hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda o‘ttiz nafardan ortiq ijodkor 200 dan ko‘proq ijodiy ishlari bilan qatnashdi.

– Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovini yuqori saviyada o‘tkazish vazifasi belgilangan, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Akram Haydarov. – Ko‘rik-tanlovga mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, tasviriy san’at namoyandalari, qo‘shiqchilik, foto va dizayn ustalarining “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, shuningdek, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat hamda hududiy dasturlarining ijrosi, mazmun-mohiyati va targ‘iboti aks etgan ijodiy ishlar qabul qilindi.

Ijodiy ishlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yurtdoshlarimizning turmushini yaxshilashga, dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qilayotganini targ‘ib etish, yurtimiz iqtisodiy qudratini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ahamiyatini tushuntirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Tanlovda yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, jurnalistlarning publitsistik nashrlari, bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining ijodiy ishlari, ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari, televideniye va radio ijodkorlarining ko‘rsatuv va eshittirishlari, tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari, san’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlari nominatsiyalari bo‘yicha 15 nafar g‘olib aniqlandi. 

Viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov tanlov g‘oliblarini tabriklab, ularga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.