“Vatanparvarlik oyligi” yoshlarning shijoatini oshirmoqda

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limlari tashabbusi bilan “Samarqand kitob olami“ ma’naviy-ma’rifiy majmuasida “Vatanparvarlik oyligi” munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda tarixshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi 84112-harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirok etib, Samarqand shahridagi 64-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarbiyalanuvchilari hamda o‘quvchi-yoshlarga O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda vatanparvarlik timsolida aks etuvchi Sohibqiron Amir Temurning davlat boshqaruvi, harbiy san’ati haqida tushunchalar berdi.

– Shu kabi tadbirlarda qatnashishga qiziqaman, – deydi maktab-internat o‘quvchisi Ibrohim Ergashboyev. – Bunday uchrashuvlar orqali qiziqqan va bilmaganlarimiz haqida ma’lumot olamiz. Bugun Amir Temur bobomizning harbiy yurishlari va qahramonliklaridan boxabar bo‘ldik.

Tadbir so‘ngida askarlar tomonidan harbiy vatanparvarlik g‘oyalari singdirilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Boboxon PO‘LATOV.