Viloyat hokimi: “Endi deputatlar saylovchilar bilan zarur bo‘lsa tunu kun ishlaydi”

Deputatlar yilning ikkinchi yarmida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokorlar va aholi uchun sharoitlar yaratish, oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, viloyatda hududlararo 6 ta perinatal markaz tashkil etish, viloyat «Ona va bola skrining markazi»da sitogenetik laboratoriya tashkil qilish lozimligi bo‘yicha taklif kiritdi.
Shundan so‘ng viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilovning «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining viloyatdagi ijrosi haqidagi, viloyat Kengashidagi «Adolat» SDP deputatlik guruhi tomonidan tayyorlangan masala yuzasidan deputatlik guruhi a’zosi T.Xoliqovaning, viloyat Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Rahimov fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi.
Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Nigmatovning viloyatda atrof-muhitni ifloslanishining oldini olish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan bergan hisoboti deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi.
Unda deputat Z.Berdiyeva quyidagicha taklif bildirdi: «Shahar va qishloqlardagi ayrim ta’lim muassasalari ko‘cha atrofida joylashgan. Ushbu hududdan o‘tadigan ariqlar to‘yxona va ovqatlanish shoxobchalaridan chiqadigan chiqindilar, ayniqsa, shisha idishlar va baklashkalar bilan to‘lyapti. Bu esa hudud ko‘rkini buzib, havoning ifloslantiryapti. Shu bois deputatlar hamda boshqarma xodimlari hamkorligida ishchi guruhi tuzib, mazkur muammoni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish zarur. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish va chiqindini qayta ishlash korxonalari tashkil qilinsa ayni muddao bo‘lardi».
Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rildi. Muhokamalardan so‘ng Kengashda shunday yangi komissiya tuzilishi tasdiqlandi. Ushbu komissiya raisligiga deputat H.Shodiyeva hamda to‘rt nafar komissiya a’zolari saylandi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 7-Istiqlol saylov okrugida bo‘shab qolgan o‘ringa 2018 yil 19 avgust, yakshanba kuni saylov o‘tkazish belgilandi.
Sessiya yakunida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov so‘zga chiqdi.
- Qog‘ozbozlik, hisobotbozlik, tadbirbozlikdan endi butunlay voz kechamiz, — dedi u kishi. - Har bir rahbar va mas’ul o‘ziga birkitilgan ish uchun javob beradi. Hokimlar haftaning yakshanba kuni, tashkilot rahbarlari payshanba kuni xalq oldida o‘z faoliyati bo‘yicha gazeta, televideniye va radio orqali hisob beradi. Shuning uchun ular o‘z sohasi bo‘yicha tumanlardagi ahvoldan xabardor bo‘lishi, aholining muammosini yechishga tayyor turishi lozim.
Endi deputatlardan ham bevosita deputatlik faoliyati yuzasidan saylovchilar oldidagi hisoboti jiddiy so‘raladi. Ular saylovchilar bilan zarur bo‘lsa tunu kun ishlaydi, muammosini joyida hal etadi. Bajarilgan ishlarni quruq hisobot emas, amalda bo‘lishini ta’minlaydi. Agarda bu tadbirlar xo‘jako‘rsinga qilinsa, ommaviy axborot vositalari orqali barchaga oshkor qilamiz. Maqsadimiz – odamlar davlat rahbarining xalq bilan muloqot qilish talabi bajarilayotganini sezib yashasin.