Viloyat hokimi shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Afruza Hamdamovani taqdirladi

Italiyada o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasida ilk jahon chempioniga aylangan samarqandlik 14 yoshli Afruza Hamdamova Samarqandda tantanali kutib olindi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Afruza, uning otasi hamda ustozi Akbar Hakimovning jahon chempionatidagi tarixiy g‘alabasi bilan tabrikladi. Ularga viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

- G‘alaba nafaqat meniki, balki oila a’zolarim va xalqimizniki ham, - dedi shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Afruza Hamdamova. – Bu juda qiyin g‘alaba bo‘ldi. Raqiblarimning barchasi tajribali shaxmatchilar edi. Buning ustiga viza sababli musobaqaga kechikib bordim va birinchi turni ochkosiz o‘tkazib yubordim. Raqiblarimga qarshi bir necha yildan buyon o‘ynab kelganim sababli, qanday yurishlarni amalga oshirishini yoddan bilardim. Asosiy o‘yinlarda qora ranglarda o‘ynash qiyinchilik tug‘dirdi. Agar ular xato qilsagina mening g‘alaba qozonish imkoniyatim oshardi. Xato qilmasa, o‘yin durang bilan yakunlanardi.

Raqiblarimning asosiy kamchiligi oxirida endshpilda yaxshi o‘ynay olmasligi bo‘ldi. Shu sababli qaysi rangda o‘ynashimdan qat’i nazar endshpilda g‘alaba qozondim. Eng katta maqsadim - O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish, ayollar o‘rtasida eng yosh grossmeysterga aylanish.

F.RO‘ZIBOYeV.