Viloyat hokimligi tarixchi olimni Hajga yuboradigan bo‘ldi

Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazida tarixchi olim Komilxon Kattayev bilan ijodiy uchrashuv hamda uning yaqinda chop etilgan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari T.Tugalov olib bordi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamatqulov, viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov olim yozgan asarlar to‘g‘risida to‘xtaldi. Xususan, Komilxon Kattayev 60 ga yaqin kitob va 200 dan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi ekanligi, jumladan, sufizm tarixiga oid bir necha qadimiy kitoblarni arab-fors tilidan tarjima qilganligi, kitob va maqolalari chet ellarda ham nashr etilgani e’tirof etildi.

Uchrashuvda viloyat hokimligi tomonidan tarixchi olim Komilxon Kattayevni qilayotgan xayrli ishlari inobatga olinib, Haj safariga yuborilishi ma’lum qilindi.

Ijodiy uchrashuvda so‘z olgan professorlar M.Pardayev, D.Salohiy, shoira J.Suvonova, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi rahbari X.Nurullayev tomonidan Kattayevning ilmiy taqiqotlarida Samarqandning ko‘plab madaniy obidalari tarixi ilk marta yoritilgani hamda bir qancha obidalardagi o‘chib ketgan yozuvli katabalar tiklangani aytildi. Mustaqillik davri toponomika sohasida ham Samarqand shahri ko‘chalarining o‘nlab qadimiy nomlari olimning tadqiqot va takliflari natijasida tiklangani qayd etildi. Bundan tashqari, Komilxon Kattayevning shaxsiy kutubxonasida 200 dan ortiq nodir kitoblar saqlanayotgani tilga olindi.

Husan ELTOYeV.