Viloyat Kengashining 96-sessiyasi 23 fevral kuni o‘tkaziladi
Viloyat hokimi E.Turdimov “Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi chaqiriq, to‘qson oltinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining to‘qson oltinchi sessiyasi 2024 yil 23 fevral kuni chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:
- viloyat hokimining o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Hamroyevning 2024 yilda eksport va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida hisoboti;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyevning viloyatda aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan axboroti;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi yuzasidan Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Jabbarovning hisoboti;
- Samarqand viloyatida 2025 yilda davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyevning hisoboti;
- viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayevning viloyat hokimining 2024 yil 10 fevraldagi «Viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi Qarori bilan ajratilgan mablag‘larni ishlatilishi yuzasidan hisoboti;
- Jomboy tumanidagi ayrim aholi punktlarini nomlash to‘g‘risida;
- Samarqand viloyatida 2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tasdiqlash to‘g‘risida;
- hududlardagi issiqlik bilan ta’minlovchi korxonalar tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan tariflarni tasdiqlash to‘g‘risida;
- jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risida;
- xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari tomonidan o‘z saylovchilari oldida axborot berishning namunaviy tartibini tasdiqlash to‘g‘risida;
- viloyat hokimining ayrim qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risida.