Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati: Samarqandda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan ilk bemor aniqlandi
Samarqand viloyatida ilk bor koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemor aniqlandi. Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro tomoq og‘rishi va tana haroratining ko‘tarilishi bilan yashash hududidagi poliklinikaga murojaat qilgan.
Vrach-infeksionist ko‘rigida bo‘lgan bemorning tana harorati ko‘tarilganligi sababli zudlik bilan izolyatorga olinib, udan olingan surtmalar viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasiga yuborilgan.
O‘tkazilgan virusologik tahlilda bemorda COVID-19 infeksiyasiga musbat natija aniqlangan. Ushbu tahlil natijasini tasdiqlash uchun Respublika SEO agentligiga yuborilgan.
Laboratoriya natijasi asosida bemor tez tibbiy yordam mashinasida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida alohida boksga joylashtirildi. Shuningdek, bemor bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar ham viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi.
Shu vaqtga qadar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida karantin nazoratida bo‘lgan fuqarolar zudlik bilan boshqa muassasaga ko‘chirib o‘tkazildi.
Hozirda bemor belgilangan standartlar asosida davolanmoqda. Uning ahvoli yaxshi.
Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi fuqarolarimizdan karantin qoidalariga rioya qilib, uydan chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, shaxsiy gigiyena kabi qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘rab qoladi.
Eslatib o‘tamiz, bugunga qadar Samarqandda jami karantinga olingan fuqarolar 3913 nafarni tashkil etadi. Shundan 1191 nafari statsionar sharoitida nazorat ostiga olingan.