Viloyatimizda ilk bor tuman madaniyat bo‘limi hisobot-konsert dasturini namoyish etdi

Narpay tumani 13-bolalar musiqa va san’at maktabida tuman madaniyat bo‘limining hisobot-konserti bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi, yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamda musiqa maktablari vakillari ishtirok etdi.

- Bugungi kunda tumanimizda 4 ta madaniyat markazlari faoliyat yuritadi, - deydi Narpay tumani madaniyat bo‘limi mudiri Xurshid Gadoyev. – Markazlar qoshida xalq va zamonaviy cholg‘u asboblari, teatr aktyorligi, raqs, tasviriy san’at kabi to‘garaklarga iste’dodli yoshlar qamrab olingan. Bugun tuman madaniyat bo‘limi tomonidan ilk bor o‘tkazilayotgan hisobot-konsertida madaniyat markazlari va bolalar musiqa va san’at maktablaridagi iste’dodli yoshlar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi, xalq oldida “imtihon” topshirdi.

Tadbirda marhum ustoz, O‘zbekiston xalq baxshisi Ziyodulla Islomov xotirasi yodga olindi. Murod Tog‘ayev ustozning xotirasiga bag‘ishlab, uning termalaridan kuyladi. Shuningdek, mahoratli yosh ijodkorlar tomonidan “Bog‘ aro”, “Ustozlarim”, “Raqqosa qiz o‘ynasin”, “Aylab keling”, “Barigal”, “O‘zbekiston”, “Arab tangosi” kabi qo‘shiqlar, ariyalar va raqslar ijro etildi.