Vladivostokda o‘zbeklar iftorlikni qanday o‘tkazadi?

Kecha birinchi iftorga bordik. Iftorni Vladivostokka kelib o‘z kuchi,o‘z mehnati bilan dastlabki o‘zbek oshxonalaridan birini ochgan samarqandlik tanishimiz o‘tkazib berdilar. Erkak-ayolga alohida eshikdan kiriladigan zallarda joy hozirlab,fayzli dasturxon tuzabdilar. Dasturxonga o‘zbegimning milliy taomlaridan bo‘lmish nisholda, holvaytar, qatiqli un oshi, ko‘katli somsa, qatlama va boshqa turli xil noz-ne’matlar tortildi. Mehmonlar ichida 50-60 yoshli onaxonlar, qaynonalari yetovida kelgan yoshgina kelinchaklar, o‘g‘il-qizlari bilan tashrif buyurgan biz kabi o‘rta yashar ayollar ham bor edi. Biz ayollar o‘tirib salom-alik qilgunimizcha bolalar tezda bir-biri bilan til topishib, kattakon zalda qiyqirib o‘ynashga tushib ketishdi. Ko‘zim tushgan jihatlardan eng birinchisi shu bo‘ldiki, chaqirilganlarning hammasi o‘zbekona milliy kiyimlardagi ba’mani xonimlar edi. Onaxonlarimizning suhbatlariga quloq solaturib ularning o‘zlarini tutishlaridan, musofir yurtda turib biz yoshlarga chiroyli o‘rnak bo‘layotganlaridan, so‘zlash ohanglaridagi nozikta’blikdan, har bir mavzuda go‘zal hayo, andisha bilan fikr bildirishlaridan huzurlandim. Qalbim iftixorga to‘ldi. Musofir yurtlarda meni yaxshilar tarafida qilib, shunday ajoyib davralarga munosib ko‘rayotgani, farzandlariga milliy ruhda tarbiya berib kelayotgan oilalar bilan hamsuhbat qilayotgani uchun Allohimga behisob shukronalar aytdim. Bizga e’tiqodi, dini, urf-odatlari mutlaqo yot yurtlarda adashtirmaganiga, mol-dunyo topib, qorong‘u burchaklarda kayf-safo qilib ketadiganlar, o‘zligini, milliy g‘ururini yo‘qotib manqurt taqlidchiga aylanib qolayotganlar qatoridan qilmaganiga ich-ichimdan faxrlanib qo‘ydim. Yaxshi mavzularda suhbatlar bo‘ldi.
Fayzli davradan bir olam taassurotlar, ezgu duolar bilan qo‘zg‘aldik.
Suratlarini qo‘ymoqchi edimu,o‘zlaridan ruxsat olmaganim uchun fikrimdan qaytdim. Siz azizlarimga esa ilohim,barchamizni Yaratgan o‘z panohida asrasin, ushbu muborak oyda hayotimiz davomida doimiy odat bo‘lib qoladigan go‘zal amallar, ibratli xulq-atvor, O‘zi rozi bo‘ladigan iymon va e’tiqod bilan siylasin, deb niyat qilgan holda Vladivostokdan sog‘inchli salomlarimni yo‘llab qolaman.
Assalomu alaykum!

Lola.