Iftorlikni o‘lik ko‘mganlar qiladimi?

Ramazon - Rahmat oyi, Mag‘firat oyi. Bu oydagi ezgu amallarga boshqa oylarga nisbatan bir necha barobar ko‘p savob berilishini aytishadi. Shu sababli ulamolarimiz kishilarni Ramazonda ko‘proq savob ishlarni  bajarishga da’vat etadilar.

Bu oyda iftorlik qilib, ro‘zadorlarni taomlantirish ham savobli amal hisoblanadi. Payg‘ambarimiz (S.A.V.)dan hadis bor, ya’ni hatto iftorlik qilib boshqalarni taomlantirishga qodir bo‘lmagan kishi, boshqalarning og‘iz ochishlari uchun bir dona xurmo bersa ham iftorlik qilib bergan va ko‘pchilikni taomlantirgan savobini olar ekan.

Gap iftorlikdan ketganda kishi ko‘nglini xijil qiladigan bir holat borki, bu marhumlar haqiga savob bo‘ladi, deb iftor berish. Aslida iftorlikni o‘ziga to‘q kishilar savob umidida, kam ta’minlangan insonlarni chaqirib o‘tkazishlari maqsadga muvofiq. Ammo, keyingi paytda o‘ziga to‘qlar qilishi lozim bo‘lgan iftorlar kamayib, marhumlar haqiga o‘tkaziladigan iftorlar ko‘payib ketdi. Bunday iftorni biz taraflarda "o‘lik iftor" deb atashadi.

Marhumlarga savobi tegsin, deb qilinadigan iftorliklarning ham zarari yo‘q. Lekin, ana shu ishni o‘lik ko‘mgan xonadonlarda maxsus qilinishi yoki hammaga majburiyat bo‘lishi dinimizda yoqlanmaydi.

Bu yil mahallamizda o‘tkazilgan iftorlik ma’rakalarining 80-90 foizi marhumlar haqiga, o‘tgan yil Ramazon oyidan, bu yil Ramazon oyigacha vafot etgan kishilar oila a’zolari tomonidan qilib berildi. Ular orasida turli toifadagi xonadonlar bor: biri o‘ziga to‘q, biri o‘rtahol, yana bir kam ta’minlangan. O‘ziga to‘q yoki o‘rta hollarning 150-200 kishini chaqirib, iftorlik qilishi bu oilaga og‘irlik qilmas, ammo o‘zi ehtiyojmand, qo‘lida ortiqcha mablag‘i bo‘lmagan holda yuzlab kishini chaqirib iftorlik qilib berishini noo‘rindir. Bu holatning yomon tomoni shundaki bu ish, ya’ni marhumlar haqiga iftorlik qilib berish biz taraflarda majburiyat darajasiga chiqib bo‘lgan. O‘tgan bir yil davomida o‘lik ko‘mgan xonadon borki, hammasi iftorlik qilib berishga majbur. Albatta, bunda hech kim hech kimni majburlamaydi. Shu ma’rakani qilayotganlar o‘zlari ongli ravishda qilishadi. Biroq bir ma’raka majburiyat darajasiga chiqar ekan, keyin odamlarni to‘xtatishning iloji bo‘lmaydi.

Tan olish kerak, kimdir vafot etgan yaqini haqiga qandaydir sabab bilan iftorlik qilib bera olmagan bo‘lsa, buni ko‘cha-kuyda o‘sha insonga ta’na qilib "ha, o‘lgan otangga(yoki onangga) iftor qilib bera olmagansan" deb gapiradigan kaltafahm insonlar ham oramizda afsuski bor. Qo‘li kalta holda birovdan qarz olib bo‘lsa ham vafot etgan otasi yoki onasining haqiga iftorlik qilib berayotganlar o‘z mahalladoshlaridan ana o‘shanday ahmoqona ta’na gapni eshitmaslik uchun ham majbur bo‘lib iftorlik qilmoqdalar.

O‘zim necha marta guvohi bo‘ldim, kam ta’minlangan oilalar bolasi yoki xotini dardman, ularni shifokorga ko‘rsatmaydi, uyida sharoit umuman yo‘q, sharoitini to‘g‘irlashni o‘ylamaydi, ammo vafot etgan otasiga yoki onasiga “o‘lik iftor” qilib beradi.

Joylarda masjidlar imomlari, mahalla raislari, oqsoqollar odamlarga iftorlik ma’rakasi haqida to‘g‘ri tushuncha va tavsiyalar bersalar. Zora shunda aksariyat odamlar iftorlik mohiyatini, uni qarz olib ham, bola-chaqasining rizqini qiyib ham, uydan narsa olib chiqib sotib ham o‘tkazib bo‘lmasligini tushunib yetsalar...

G‘ayrat Yo‘ldosh.