Yurtboshi bilan iftorlik
Butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va tarovat, xayru baraka bilan davom etmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilinib, ushbu qutlug‘ oyda amalga oshiriladigan tadbirlar, xayriya ishlari belgilab berilgan edi.
Ayni paytda mamlakatimizdagi 1600 dan ziyod masjidda Qur’oni karim xatm qilinyapti. Saxovatpesha, saxiy insolarning xayru ehsonlari yanada ko‘paymoqda. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Sadaqaning eng afzali Ramazonda qilinganidir” (Imom Termiziy rivoyati), degan hadislariga amal qiluvchi yurtdoshlarimizning soni ortib borayotgani tahsinga loyiq.
Ro‘za tutganlarga iftor qilib berishning ajri nechog‘lik ulug‘ ekanligi xususida to‘xtalgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday degan edilar: “Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, unga o‘sha ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, ro‘zadorning ajridan esa biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Termiziy va boshqalar rivoyati).
Kuni kecha mamlakatimizning barcha hududlarida iftorlik dasturxonlari yozildi. Namangan viloyatidagi iftorlikda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz musulmonlarini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.
– Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yurtboshimiz bu ishlarga hissa qo‘shayotgan iymon-diyonatli, saxovatli yurtdoshlarimizga tashakkur aytdi. Mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanayotgani qayd etildi. Bu tizim birinchi navbatda ehtiyojmand kishilarga, jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, yetim qolgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan.
Bu haqda so‘zlar ekan, Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy bobomizning “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay”, degan hikmatini yodga oldi. Bunday qarash muqaddas dinimizning asl insoniy mohiyati bilan hamohangdir. Haqiqatan ham, chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘radi.
Yurtboshimizning nuroniylar, muhtoj kishilar, ulamolar bilan birgalikda iftorlik qilishi oldin kuzatilmagan bir holat bo‘ldi. Xalq bilan yonma-yon bo‘lgan davlat rahbarining chinakam xalqparvarligi mana shu singari yaqinlik va samimiylikda yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati bosh imom xatibi.