Ramazon "11 oy yig‘, 1 oy ye" degani emas?
Kecha bir xonadona iftorlikda qatnashdim. Dasturxonda odamning jonidan boshqa hamma narsa bor, hammayoqni to‘ldirib tashlashibdi. Mahalladoshlarning suhbatimizda gap aylanib isrofdan ochildi. Shunda men ham o‘z fikrimni bildirib, “noshukurlik bo‘lmasin-u, mana shu dasturxonda ham keragidan ko‘p narsa qo‘yishibdi. Bunaqa holatlarda, baribir, isrofga yo‘l qo‘yiladi. Ramazon oyida o‘tkaziladigan iftorlikda dabdabali yoki haddan ko‘p narsa qo‘yib dasturxon tuza degan joyi yo‘q” dedim.
Yoshi katta mahalladoshimiz bu gaplarimga e’tiroz bildirdi:
– Yo‘q, adashding, uka. Ramazon shunday oyki, yil davomida yig‘iladi, bir oyda yeyiladi. Hatto ota-bobolarimiz ham "11 oy yig‘, 1 oy ye" deyishgan.
Bu gap asossizligini tushuntirmoqchi bo‘lib gap boshlaganimda yonimizga qishlog‘imizdagi masjid imom noibi kelib o‘tirdi va domlaga bahslashib turgan mavzumiz haqida savol berdim.
– Ramazon oyi shunday oyki, hech qachon "11 oy yig‘, 1 oy ye" deb targ‘ib qilinmaydi – dedi noib. – Aksincha, issiq va uzun kunlarda ro‘za tutilib, och yurilib, bu bilan kishi o‘zining sabrini, bardoshini toblaydi. Ruhiy tarbiya oladi. Bunda saharlikda ham, iftorliklarda ham "kuni bilan och yuraman" deb bo‘kib ovqatlanilmaydi. Ovqat me’yorida yeyiladi. Isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki, siz isrof qilayotgan narsaga nafaqat dunyoning turli burchaklarida, balki yurtimizda, hatto mahallamizning o‘zida ham zor bo‘lib yurganlar bor. Shunday ekan, saharlik va iftorlik dasturxonini tuzashda haddan oshilmaydi. Isrofga yo‘l qo‘yilmaydi. Urush va undan keyingi qiyin zamonlarda ota-bobolarimiz Ramazon oyida ham dasturxonga tuzukroq narsa qo‘ya olmaganlar. Saharlik va iftorliklari asosan, ozgina o‘lchovli non va suvdan iborat bo‘lgan. Ana o‘shanda Ramazon oyida non va suvning yoniga nimadir qo‘shib yeb, shundan so‘ng kimlardir "11 oy yig‘, 1 oy ye" deb hazillashib yoki kinoya qilib gapirgan bo‘lishi mumkin. Chunki, Ramazon oyi munosabati bilan ularning dasturxonlari non va suvdan ortib obi-yovg‘onni ham ko‘rgan.
Bugun odamlar non va suvga qarab qolgani yo‘q. Endi, ota-bobolarimiz avvalari nafaqat Ramazon oyida, balki boshqa paytlarda ko‘rmagan noz-ne’matlar, bizning kundalik yeguligimizga aylandi. Ramazon oyida o‘sha noz-ne’matlar yoniga yana nimalarnidir qo‘shib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yib "11 oy yig‘, bir oy ye" deyish yoki shu taxlit ish ko‘rish bu haddidan oshib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish bo‘ladi. Dinimiz esa har qanday isrofgarchilikni qoralaydi. Yana bir gap, ko‘pchilik isrofgarchilik deganda dasturxonda ortib qolgan ovqatni tushunadi. Aslida esa qorin to‘ygandan keyin yeyilgan har qanday taom ham isrof qilingan taomga kiradi. Chunki qorin to‘yganidan keyin yeyilgan ovqat kishi organizmiga zarardir.
Yaqinda o‘qib qoldim, kishining oshqozoni to‘ygani haqidagi signalni miyaga 15 minutdan keyin yuborar ekan. Buni o‘zimda sinab ko‘rdim. Qornim to‘ymasidan ovqatlanishni to‘xtatdim. Oradan 15-20 minut o‘tib men o‘zimni xuddi biroz oldin qornim to‘yib ovqat yeganday his qildim. Buni hikmatini o‘ylab Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning yana bir sunnatlari esimga tushdi. U zot har doim qorinlari to‘ymasdan taomlanishni to‘xtatganlar va boshqalarga ham shuni tavsiya qilganlar. Shunday ekan, dasturxonga keragidan ko‘p narsani qo‘yish ham, qorin to‘yganidan keyin yana ovqatlanish ham isrof hisoblanadi.
Shu tariqa noib domla iftorlik vaqtigacha bizga isrofgarchilik va ovqatlanish odobi haqida ancha-muncha narsalarni gapirib berdi.
Noib domla gapirar ekan, davradoshlarim "to‘g‘ri, to‘g‘ri" deb tasdiqlashar edi. Boyagi odam esa indamay turar edi. Nazarimda, u ham yaxshigina "dars" oldi.
G‘ayrat Yo‘ldosh.