Xalqaro hamshiralar kuni.
Joningiz og‘rig‘i dam olish kuni yo bayram nimaligini bilmaydi, istagan payti sizni bezovta qilishi mumkin. Shunday payti shifokorning bir og‘iz tashxisi, hamshiraning bitta em dorisi hayotingizni tubdan o‘zgartirib yuboradi. Kezi kelganda hayotingizni ham asrab qoladi. Ular bugun, siz dam olayotgan payti ham bemorlar atrofida parvona, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishga shay. Bugun ana shunday qo‘li em hamshiralar bayrami.
Jahonda har yilning 12 mayi — Xalqaro hamshiralar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mamlakatimizda ham professional hamshiralar faoliyatining asoschisi Florens Naytingeylning tavallud kuni sharafiga belgilangan bu sanada o‘rta tibbiyot xodimlarining zahmatli mehnati e’tirof etiladi. Ularga e’zozu ehtirom ko‘rsatiladi. O‘rta tibbiyot xodimlari ishini rag‘batlantirish maqsadida yurtimizda ham qator ishlar olib borilmoqda.
Har yili o‘tkaziladigan “Hamshira” an’anaviy ko‘rik-tanlovi hamda “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovlari hamshiralar orasidan eng saralarini kashf etishga, ular faoliyatini rag‘batlantirishga ko‘makchi bo‘lmoqda.
Bugungi kunda viloyatdagi 300 ga yaqin tibbiyot muassasasining 8 ming nafarga yaqin vrach va 27 ming nafardan ko‘proq o‘rta tibbiyot xodimlari aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.