Tibbiyot tajribalarni ommalashtirish, o‘zaro muloqotlar asosida rivojlanadi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Zamonaviy revmatologiyada fanlararo muammolar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilarining bir guruhi Samarqand shahriga keldi.

Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, professor V.Mazurov, professor L.Alekseyeva, Qirg‘iziston revmatologlar assotsiatsiyasi prezidenti, professor A.Mamasaidov, Toshkent tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri, professor X.Mirahmedovalardan iborat mehmonlar dastlab Samarqand davlat tibbiyot universiteti ko‘p tarmoqli klinikasida bo‘lishdi. Klinika bosh shifokori N.Abdullayeva ularga revmatologiya bo‘limi faoliyati, unda shifokor va bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.

— Tibbiyot kun emas, soat sayin rivojlanib, zamonaviylashib bormoqda, - deydi V.Mazurov. – Ammo biz uning asosini, ya’ni insonlarni davolash mexanizmini unutmasligimiz lozim. Misol uchun, oddiy “muloqot” madaniyati jarayonning eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bugun aksariyat shifokorlar bemor bilan oddiy muloqotga kirishishga qodir emas. Bu katta xato. Haqiqiy shifokor muloqot orqali shakllanadi. Bugun bizning Samarqandga kelib, siz bilan uchrashishimiz ham bir muloqot shakli, ya’ni tajriba almashish imkoniyatidir.

Jarayonda mehmonlar terapevt shifokorlar hamda boshqa tibbiyot xodimlari bilan suhbat qilib, fikr va tajriba almashdi. Universitet talabalari uchun mahorat darsi o‘tildi.

Asqar Barotov.