“Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovi g‘oliblari «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» bo‘ldi
Poytaxtimizda 12 may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan «Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi» tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Muhimi, bu yilgi tanlov koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida noan’anaviy tarzda bo‘lib o‘tdi. Ya’ni, tanlovning respublika bosqichida barcha viloyatlar, respublika tibbiyot xodimlari, jamoatchilik vakillari studiyalarda onlayn tarzda ishtirok etdi.
- Bu yil xalqaro hamshiralar kuni arafasida «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolangani qo‘shaloq bayram bo‘ldi, - deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova o‘rta tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan qutlar ekan. – Unga ko‘ra, shu yil 1 iyuldan boshlab 10 mingta, 2022 yil 1 yanvardan boshlab yana qo‘shimcha 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi. Shu yil 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Shu va shu kabi ko‘plab yangiliklar mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 320 mingdan ziyod soha xodimlari uchun e’tibor va e’tirof demakdir.
Joriy yil mazkur tanlovning nafaqat birinchi, balki ikkinchi va uchinchi o‘rin olgan g‘oliblarga ham «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni berilishi ko‘zda tutilgan. 13 nominatsiya bo‘yicha taqdirlangan o‘rta tibbiyot xodimlari tanlovning muassasa, shahar, tuman, viloyat bosqichlarida qatnashgan 3 mingga yaqin ishtirokchilar orasidan tanlab olingan. Ular orasida uch nafar samarqandlik o‘rta tibbiyot xodimlari ham bor.
- Hech esimdan chiqmaydi, bir kuni qabulga yuzlari ko‘karib ketgan, og‘ir ahvoldagi bolani olib kelishdi, - deydi «Yilning eng yaxshi muolaja hamshirasi» nominatsiyasida 3-o‘rin sohibasi, Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limi hamshirasi Orzigul Tashanova. – Vrach qabuliga borguncha ahvoli o‘zgarib borayotgan edi. Unga darhol o‘sha yerning o‘zida birinchi yordamni ko‘rsatishga to‘g‘ri keldi, bolakay tugma yutib borgan ekan. Bartaraf etganimizdan so‘ng shu yerning o‘zida unga javob berildi. Aytmoqchimanki, kezi kelganda hamshira eng birinchi yordamni ko‘rsatishga ham tayyor turishi kerak. 20 yillik faoliyatim davomida bunday hodisalarga ko‘p duch kelganman.
Shuningdek, viloyatimizdan Paxtachi tuman tez tibbiy yordam bo‘limi feldsheri Shermo‘min Hasanov, viloyat OITSga qarshi kurashish markazi epidemiolog-vrach yordamchisi Aziza Sharipova ham turli nominatsiyalarda faxrli o‘rinni egalladi. Ularga tanlov stauetkasi, diplom, qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, anjuman davomida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan bir guruh faol o‘rta tibbiyot xodimlari taqdirlandi.
Gulruh Mo‘minova.