Tekshiruvlarni yuzaki o‘tkazgan hamshiralarga chora ko‘riladi

Jomboy tumani, Dehqonobod mahallasida istiqomat qiluvchi Berdiyorovlar oilasiga sog‘liqni saqlash vazirligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari kelib, patronaj hamshirasi oxirgi marta qachon kelgani haqida so‘rab-surishtirganda tutilib qolmadi.  Qachon kelganini, qanday tibbiy amallarni bajarganini aytib berishdi.

Xabaringiz bor, bugun respublikamiz bo‘ylab birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari tomonidan aholining atnropometrik tekshiruvlari olib borilmoqda. Aholining ijtimoiy muammolarini o‘rganish nechog‘lik muhim bo‘lsa, bu ham shunday ahamiyatga molik jarayon. Yuqorida nomlari keltirilgan tashkilot vakillarining bu o‘rganishlar nechog‘lik olib borilayotganini nazorat qilishlari sababi ham shunda.

-   Insonning tana vazni, bo‘yi o‘lchovi, qanday taomlanishi kabi ma’lumotlar oddiy ko‘rinsa-da, umumlashganda juda ko‘p tahlillarni keltirib chiqarishga, sog‘lomlashtirish yo‘nalishini belgilashga xizmat qiluvchi axborotdir, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Zayniyev. – Shuning uchun barcha tibbiyot xodimlariga mazkur xatlovni amalga oshirishda mas’uliyat bilan ishlashga ko‘rsatma berildi. Takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj xizmatining ustuvor ravishda to‘liq joriy qilinishi bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar va Ishtixon tumani tanlab olindi. Teshiruvni olib borish uchun tibbiy brigadalar tashkil etilib, ular kerakli tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Ikkala tibbiyot birlashmasida mavjud 384 dona patronaj sumkalariga xatlov va antropometriyani o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan vositalar (tarozi, santimetrli lenta, tanometr, fanendospop, akusherlik statoskopi, termometr, homiladorlik muddatini hisoblash uchun kalkulyator va boshqa) 70-80 foizga ta’minlangan edi. Qo‘shimcha zarur jihozlar viloyat mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘ evaziga hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan olib berildi.

Ushbu hududlarda xatlov ishlari tugatilib, endilikda boshqa tumanlarda boshlandi. Har bir tuman tibbiy xodimlari uchun sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat tibbiyot muassasalari vakillari tomonidan o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, yuqorida ta’kidlaganimdek, xonadonlarga kirib, ko‘rik amalga oshirilgan oila a’zolari bilan suhbat, ko‘rsatkichlarini qayta tekshirish orqali ularning faoliyati nechog‘lik ekani bilan tanishib ham boryapmiz. O‘rganishlarimiz davomida tekshiruvni xo‘jako‘rsinga olib borgan bir nechta hamshiralarga chora ko‘rildi.

- Jomboy tumanida 9 ta oilaviy shifokor punkti hamda 3 ta oilaviy va bitta markaziy poliklinika faoliyat yuritadi, - deydi tuman markaziy poliknikasi mudiri Sa’dulla Berdiqulov. – Aholini to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi. Hozirga qadar 20 foiz aholi ko‘rikdan o‘tdi. Aholi orasida keyingi yillarda yurak-qon tomir, qandli diabet kasalliklari soni oshib ketdi. Qolaversa, ortiqcha vaznga ega insonlarning soni ham kundan-kunga ortib borayotganini afsus bilan qayd etish lozim.

Ushbu tekshiruvlar natijasi  mamlakat miqyosida umumlashgach, tahlil amalga oshiriladi. Xastaliklarning oldini olishga e’tibor qaratiladi. Bir paytlar endokrin kasalliklari juda ko‘p uchrardi, hozir ularning soni pasayganini kuzatish mumkin.

Gulruh Mo‘minova.