Xalqaro maqom san’ati anjumani: Samarqandliklar ommaviy sahnalarda o‘z chiqishlarini namoyish etdi

- Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi "O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori eng keksa san’at yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan maqomni rivojlantirishga katta turtki berdi, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i B.Sharofov. - Qarorga muvofiq viloyatlarda maqom markazlari tashkil etilishi maqom ijrochiligi bo‘yicha yangi iste’dodlarning kashf etilishiga zamin yaratdi. Viloyatimizda ham Maqom markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi va unda mumtoz qo‘shiqlar ustalari, mohir sozandalar ijod qilmoqda. Viloyat hokimligi tomonidan markazga zamonaviy avtobus sovІa qilindi. Bu maqom ijodkorlarining chekka tuman va qishloqlarga chiqib, o‘z san’atlarini nomoyish etish imkoniyatini yaratadi. Shahrisabzdagi chiqishlarimizda Samarqand maqomchilik maktabi asoschilaridan biri Hoji Abdulaziz Abdurasulov bastalagan kuylardan keng foydalandik.

Anjuman doirasida viloyat “Hunarmand” uyushmasi a’zolari tomonidan tayyorlangan kulolchilik, kashtachilik, yoІoch o‘ymakorligi, zardo‘zlik mahsulotlari, dunyoga mashhur Samarqand nonlari va shirinliklari, sarxil mevalar ko‘rgazmasi ham namoyish etilmoqda. Mohir oshpazlarimiz mehmonlarga osh ulashmoqda.

- Buyuk jahongir Amir Temur va u dunyoga kelgan Shahrisabz haqida ko‘p eshitganman, - deydi Belgiyaning “Lamekan” ansambli sozandasi Rubin Tenenbom. - Sohibqiron saltanat barpo etgan Samarqandni ziyorat qilish eng katta orzularimdan biri. Shuning uchun samarqandlik san’atkorlarning dastur namoyishlarini qiziqish bilan tomosha qildim. Qadim shaharning olamga mashhur noni, shirinliklari ta’mi og‘zimda qoldi. Nasib etsa, kelasi yili jamoamiz bilan Samarqandda o‘tadigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida qatnashamiz.

Anjuman davomida viloyatimiz maqomchilari Qashqadaryo viloyatining boshqa shahar va qishloqlarida ijodiy uchrashuvlar o‘tkazdi.

Husan ELTOYeV.