Xalqning dardi, karera va men...
Bugun jamiyatimizda eng ko‘p tosh qaysi qatlamga otilyapti? Hokimlarga va deputatlarga! Hokimlarni qo‘ya turaylik. Ular shubhasiz, hokimiyat, ya’ni DAVLAT. Hukumat va xalq o‘rtasida har qanday jamiyatda tushunmovchilik bo‘lishi tabiiy. Deputatlar esa nazariy jihatdan XALQ.
Xo‘p, nega xalq o‘ziga o‘zi tosh otyapti?!
Buning minglab sabablarini keltirishdan naf yo‘q. Qisqa qilib aytganda, bizning jamiyatda deputat xalqning vakili bo‘lolmayapti. Kamchilikni ko‘rib, anglab turgan bo‘lsa-da deputatning ishlagisi yo‘q. Ishlayman, deganlar deputat bo‘lolmayapti, ishlamaydiganlar tekinga ishlashni istamayapti (shahar, tuman, viloyat kengashi deputatlari misolida).
Qonunchilik palatasi deputatligi bu boshqa masala. Ammo fikrimiz shu haqda.
Qonunchilik palatasiga saylangan deputatning imtiyoz va imkoniyatlari yetarli. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas aslida.
Masala shundaki, Qonunchilik palatasi deputatlari ichida ham sanoqlilarinigina taniymiz. Uch-to‘rt nafari FAOL va jamiyatda, qonunchilikdagi masalalarga loqayd emas.
Shu kunlarda Qonunchilik palatasiga 71-Qoratepa saylov okrugidan nomzodi ko‘rsatilgan G‘olib Hasanov saylovchilar bilan uchrashyapti. Endi tasavvur qiling, xalq shu paytgacha saylagan deputatlariga ishonmay turgan bir paytda, “Bizga ovoz bering!” deyishga kimning haddi sig‘adi? Bu kamida yuzsizlik. Uyati bor odam uchun bu og‘ir holat.
Xalq aytyapti:
– Biz saylasak, shu bilan sizni besh yildan keyin ko‘ramizmi?
– Sizga ovoz bersak, qishlog‘imiz maktabi dasturga kiradimi, bog‘cha quriladimi?
– Muammomizni YuQORIGA yetkaza olasizmi o‘zi?
Anglashiladiki, xalq nomzodning va’dasini olmoqchi. Yanayam imkon berishni istayapti. Ishongisi kelyapti. Buni anglagan bo‘lajak deputat ta’bir joiz bo‘lsa, xalqning ovozi qarzga berilayotganini tushunishi lozim, albatta.
Shu o‘rinda bir savol. O‘zaro bir-birini shiltaga botirayotgan, go‘shtini yeyishga tayyor nomzodlar bu haqda o‘ylab ko‘ryaptimikan? Nahotki, ular xalqning odami, vakili bo‘lishga shunchalik ishqiboz? Nahotki, odamlarning muammolarini hal qilib beraman, fidoyilik qilaman, degan o‘yda bo‘lsalar?.. Umid qilamizki, yaxshi maosh, besh yil tayin bo‘lgan ish va obro‘ umidida ketmayapti bu kurashlar!
Xo‘sh, bu odam nomzodini Qonunchilik palatasiga nega qo‘ydi? Oldindagi talabni qanchalik his qilyapti? Ertaga “issiqqina” xonada o‘tiradimi yoki va’dasi haqida o‘ylaydimi? Yo‘l-yo‘lakay muloqotimizda G‘olib Hasanovning fikrlarini xulosaladim:
– Rosti, odamlar bilan gaplashganim sari bu yo‘lda odimlash oson emasligini anglayapman, – deydi u. – Yashirmayman, siyosiy kareraga qiziqaman. Ammo besh yil ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi. Nazarimda, hozirgi suhbatlarimiz, odamlarning oldida qanday gapirayotganimiz emas, keyingi besh yil haqiqiy imtihon bo‘ladi. O‘sha muddatda odamlarning istagini amalga oshira olamizmi? Xalq vakiliga aylana olamizmi – muammo shunda.
Tan olishim kerak, jurnalistik faoliyatimni boshlaganimga yigirma yilga yaqinlashsa-da, hali odamlar bilan bunchalik chuqur muloqotga kirishmagandim. Chunki jurnalist muammoni eshitadi, yozadi va ijrosini boshqalardan kutadi. Bu uchrashuvlarda jurnalistmasman. Muammoga yechim izlashim kerak, mas’uliyatni bo‘ynimga olishim lozim. Ertaga vaziyat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar uchrashuvlar mening foydamga xizmat qilyapti. O‘zim uchun o‘nlab yo‘nalishlar belgilab oldim, materiallar to‘playapman. Ertaga bu jurnalist sifatida ham so‘zimning salmog‘ini belgilaydi, deb o‘ylayman.
Darhaqiqat, o‘tirib yozadigan jurnalist bor, xonadan chiqmay qonun haqida gapiruvchi deputat bor. Afsuski, bu toifalarning ikkovidan ham xalq naf ko‘rmaydi. Ular nainki, davlatga obro‘ olib keladi, balki odamlarning ishonchini yo‘qotish orqali bor imkoniyatlarni ham yo‘qqa chiqaradi. Deputat xalq vakili, shu bilan birga davlat odami bo‘lsin. Hamma gap ana shu vaziyatda oltin o‘rtaliqni topishda. Ham xalq, ham davlat manfaati uchun xizmat qila olishda.
Isomiddin PO‘LATOV.