Xat tahrirsiz bosilmoqda: Mas’uliyatsizlar javob bermaydimi?

Konstitutsiyamizning 2-moddasida «Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar», deb yozilgan. Ammo biz o‘zimiz yashayotgan joyda bu narsani sezmayapmiz.

Bir necha yillardan beri tuman rahbarlariga yozaverib charchadik. Ammo mahallamiz ahlini suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlashda hech o‘zgarish bo‘lmayapti. Hamma rahbar mas’uliyatni bir-biriga tashlab qutiladi. Muammo yechimini hech kim o‘z gardaniga olmaydi.

Misol uchun, 16-17 oktyabr kunlari Obod mahallasiga uch oy deganda (aniqrog‘i, 93 kunda) suyultirilgan gaz ballonlari keltirildi. Navbat bilan olish o‘rniga ro‘y bergan tartibsizlikni ko‘rsangiz edi. Odamlarda ayb yo‘q. Chunki hamma gaz balloni olishdan yana quruq qolib ketishdan qo‘rqqandi.

Bunisi holva. Gaz balloni ortilgan mashinaga bitta ballon narxi 22 ming 400 so‘m deb yozib qo‘yilgan. Lekin taqsimlovchilar uni 28-30 ming so‘mdan tarqatishdi. Ba’zilar gaz olganiga xursand bo‘lib narxiga ham e’tibor berishmadi. Biz ballon narxini surishtirganimizda «Bizga boshlig‘imiz shu narxda sotasan, degan», deyishdi. Qizig‘i shundaki, shunday holat bo‘lishini bilishsa-da, bu jarayonda na mahalla oqsoqoli, nu uchastka noziri ishtirok etishmadi. Bunday korrupsion holat bo‘yicha tuman rahbarlariga yozgan xatlarimiz javobsiz qolib ketayotir.

Hurmatli tahririyat!

Bizning bir savolimizga javob topishda yordam bersangizlar. Samarqand tumanidagi Obod mahallasida suyultirilgan gaz ta’minotida qachon tartib o‘rnatiladi?

Sharif AHMEDOV,

Razzoq ABDUNABIYeV,

Aslom MUQIMOV va boshqalar.

Jami 17 imzo.