Xattotlar ko‘chirgan Qur’on kitobi sayyohlar e’tiborini tortdi
Samarqand shahridagi Registon maydonida Ziyorat turizmi yarmarkasi va ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.
Tadbirda viloyatimizda faoliyat olib borayotgan qo‘ligul hunarmandlar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Ular tomoshabinlarga shu yerning o‘zida hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlanish jarayonini ko‘rsatib beryapti. Bu sayyohlarni, xususan, xorijliklarning e’tiborini tortmoqda.
- Bugungi ko‘rgazmada xattotlik san’ati namunalarini namoyish etyapmiz, - deydi hunarmand Abdujalil Ergashev. - Ayniqsa, katta 60X80 santimetr hajmdagi Samarqand qog‘oziga yozilgan Qur’on kitobi ko‘pchilikni qiziqtiryapti. Buni shogirdim Aziza Sobirova bilan hamkorlikda yaratganmiz. Aziza nasx xatini yozgan. Kufi va suls xatlari bilan o‘zim shug‘ullanganman. Tayyorlanish jarayoni 4 yil davom etgan.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etdi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.