Xitoy hududida har yili Rossiya hududidagidan bir yarim baravar ko‘p yog‘och tayyorlanadi

12 mart - Xitoyda daraxt o‘tqazish kuni. Har yili shu kuni mamlakatda maktablardan tortib barcha tashkilot va korxonalarda daraxt o‘tqaziladi. Ko‘pchilik Xitoy yog‘och xomashyo materiallarini asosan chetdan sotib oladi, deb o‘ylaydi. Unday emas ekan. Xitoy hududida har yili Rossiya hududidagidan bir yarim baravar ko‘p yog‘och tayyorlanadi.

Masalan, 2017 yilda Rossiyada 212,4 million kubometr, Xitoyda esa 329,3 million kubometr yog‘och tayyorlangan. Farq yana shundaki, Xitoyda o‘rmonchilikka katta e’tibor, tejamkorlik bilan qaraladi. O‘rmonlarni pala-partish kesishga yo‘l qo‘yilmaydi, maxsus plantatsiyalarda qat’iy tartib bilan olib boriladi. Bitta daraxt kesilsa, o‘rniga o‘nta ekish va parvarishlash taomilga kiritilgan. Ammo maxsus tashkil etilgan o‘rmon plantatsiyalaridan tayyorlanadigan yog‘och ichki talabga kamlik qiladi. Shu bois Xitoy Rossiya, Braziliya, Kanada, Yangi Zelandiyadan yog‘och xomashyosi sotib oladi.

Ta’kidlash kerak, Xitoyda yog‘ochni chiqindisiz qayta ishlash texnologiyasi yuksak darajada rivojlangan. Kesilgan daraxtning tanasi, shox-shabasi, po‘stlog‘i, bargigacha qayta ishlanib, yog‘och-taxta, mebel, eng oxirgi mahsulot tish kovlagich, bolalar pampersi tayyorlash bilan tugaydi.

T.MUROD tayyorladi.