Xitoylik investorlar kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorlar bilan hamkorlik memorandumlari imzoladi
Joriy yilda shahar hokimi Gavhar Alimova boshchiligida kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorlar ishtirokidagi delegatsiyaning Xitoy davlatiga tashrifi davomida bir qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha memorandumlar imzolangan edi. Hamkorlik shartnomasiga ko‘ra xitoylik investorlarning Kattaqo‘rg‘on shahriga tashrifi va loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgandi. Shunga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahriga O‘zbekiston eksportchi uyushmasi va O‘zbekiston iqtisodiyot ansambliyasining Xitoydagi vakillari tashrif buyurdi. Mehmonlar SamDU Kattaqo‘rg‘on filialida shahar hokimligi vakillari tomonidan kutib olindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston-Xitoy Kattaqo‘rg‘on biznes forumi o‘tkazildi. Dastlab, shahar xokimi Gavhar Alimova forum ishtirokchilariga Kattaqo‘rg‘on shahri, uning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati haqida ma’lumot berdi. Forum doirasida xitoylik investorlar o‘zlarining loyihalari bo‘yicha taqdimotlarini namoyish etdilar.
Samimiy tarzda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar doirasida Kattaqo‘rg‘on shahridagi tadbirkorlar tomonidan 20 dan ortiq loyihalar taqdim etildi.
Har ikkala tomon uchun ham foydali bo‘lgan yengil sanoat, oziq-ovqat ishlab chiqarish, savdo-sanoat, transformator ishlab chiqarish, to‘qimachilik va boshqa sohalar bo‘yicha loyihalar yuzasidan memorandumlar imzolandi.
O‘ylaymizki, ushbu hamkorlik Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Hilola Ergasheva.