Xizmat ko‘rsatish sohasida eng yuqori ko‘rsatkichga ega hududlar ma’lum qilindi
Yarim yilda viloyatda bozor xizmatlari hajmi 16 trillion so‘mga yetgan.
Viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Tolib Siddiqovning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, olti oyda Samarqand viloyatida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 16 trillion so‘mdan oshgan va unda savdo xizmatlarining ulushi 26,1 foizni tashkil qilgan.
Shuningdek, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 797,6 milliard, ta’lim sohasidagi xizmatlar 868,8 milliard, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 126,3 milliard so‘mni tashkil etgan. Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 123,4 foizga o‘sib, 98,9 milliard so‘mga yetgan.
Xizmatlar sohasining o‘sish sur’atida Oqdaryo tumani yetakchilik qilmoqda (2023 yil yakuni bo‘yicha 121,9 foizga o‘sgan). Undan keyin Toyloq tumani (121,7 foiz), Samarqand shahri (115,7 foiz), Bulung‘ur tumani (114,4 foiz) turibdi.