DXM: Xizmatlar soni 200 taga yetkaziladi

Bugun Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazi haqida eshitmagan, bilmagan odam qolmadi, hisob. Chunki, ayni paytda davlat idoralari bilan bog‘liq ko‘pgina muomala va masalalarimiz ayni shu idoralar orqali hal bo‘lyapti.

Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ishtirokida Samarqand shahridagi markazda o‘tkazilgan press-turda bu yerda yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda markazda ko‘rsatilayotgan davlat ximatlari soni 176 ta yetgan. Buning uchun 20 nafardan ortiq operator soat 9:00 dan kechki 18:00 gacha tanaffussiz xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, soat 20:00 gacha "So‘nggi mijozgacha" tamoyili asosida navbatchilik tashkil qilingan. E’tiborlisi, dastlabki paytlarda ko‘rsatilgan xizmatlar soni 37 ta bo‘lgani holda, bugun ular 176 ta yetdi. Xizmatlarning 10 tasi keyingi 6 oy davomida yo‘lga qo‘yilgan. ID-karta, xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish shular jumlasidan. Hozirgi kunda eksterritorial tamoyili, ya’ni fuqarolar doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar bu xizmatdan foydalanishlari mumkin.

Darvoqe, markazda investorlar uchun milliy uslubda jihozlangan maxsus xona va farzandlari bilan tashrif buyurganlarga qulaylik yaratish uchun bolalar xonasi tashkil qilingan. Davlat ximatlaridan onlayn foydalanishni istovchilar uchun alohida kompyuter va maxsus qurilma o‘rnatilgan. Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovni shu yerning o‘zida amalga oshirish mumkin. Markazda notarius xizmati ham tashkil qilingani tashrif buyuruvchilar uchun yana bir qulaylik, deyish mumkin.

- Shu kungacha faqat 16 yoshga to‘lgan fuqarolarga ID-karta berilar edi, - deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Qurbonov. - Ayni paytda voyaga yetmagan bolalarga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirilmoqda. Shu o‘rinda ma’lumot o‘rnida aytish lozim, barcha hududlarda Samarqand shahridagi miqdorda davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilyapti. Yaqin kunlarda u chekka tuman bo‘ladimi yoki viloyat markazimi, jismoniy va yuridik shaxslar uchun birdek xizmat ko‘rsatiladi.

Huquqiy savodxonlik qanday oshiriladi?

Press-tur yakunida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyev va tizimdagi boshqa mutasaddilar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Qayd etilganidek, davlat xizmatlari ko‘rsatish adliya tizimining bir yo‘nalishi xolos. Ayni paytda viloyat adliya boshqarmasi tizimida 600 nafardan ko‘proq xodim mehnat faoliyatini olib boryapti.

- Barcha xodimlar viloyatdagi mavjud 1126 ta mahallaga biriktirilgan, - deydi S.Nuriyev. – Nega, nima uchun, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aytish mumkinki, xodimlarimiz belgilangan vaqtlarda mahallalarga chiqib, bu yerdagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektori bilan hamkorlikda huquqiy muammolarni aniqlamoqda.

Bugun biz odamlar yuridik yordam so‘rashini kutmayapmiz, o‘zimiz ular huzuriga boryapmiz. Mulkiy munosabatlar, oilaviy nizolar bo‘yicha holat ko‘pligi uchun tegishli tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilyapti.

Bundan tashqari, viloyat adliya boshqarmasi, tuman va shahar adliya bo‘limlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining 109 ta qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan.

Joriy yilning 1-yarim yilligini o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2021 yil yanvar-iyun oylarida 340 ta noqonuniy qarorlar qabul qilinganligi aniqlanib, kiritilgan ta’sir choralarga asosan 178 ta hokim qarori, farmoyishlari bekor qilingan yoki muvofiqlashtirilgan. Ya’ni, 2021 yilning dastlabki olti oyiga nisbatan 2022 yilning mos davrida noqonuniy qarorlarning qabul qilinishi hamda ularning bekor qilinishi 1,2 baravarga kamaygan.

2021 yil 1 oktyabrdan e’tiboran barcha tuman va shaharlarda viloyat adliya boshqarmasi huzuridagi yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan 2022 yil 1 iyul kuniga qadar 79 591 ta davlat organlari va tashkilotlaridan kelib tushgan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar ko‘rib chiqilgan. Shundan 7 254 ta buyruq, farmoyish, shartnoma va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan rad etilgan.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yuborilgan 238 ta 7 mlrd. 108 mln. so‘mlik shartnomalar loyihasi amaldagi qonunchilikka zid ravishda tuzilganligi sababli salbiy xulosa berilgan.

E’tiborga molik raqamlar

Press-tur va matbuot anjumani davomida qayd etilgan ayrim raqamlar kishida faxr va ayni damda qanoat hissini uyg‘otishi shubhasiz.

Misol uchun, 2022 yil 6 oyida markazlar orqali jismoniy va yuridik shasxlarga 636 ming 704 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Ularning 142 ming 254 tasi yoki 22 foizdan ko‘prog‘i onlayn, ya’ni YaIDXP (my.gov.uz) orqali taqdim etilgan.

Markazlar tomonidan joriy yil 6 oyida jami 44 755 ta tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Tahlillarga ko‘ra, joriy yil o‘tgan 6 oyida 2021 yilning mos davriga nisbatan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tadbirkorlik sub’yektlari 28 270 taga ko‘paygan. Birgina shu raqamlarning o‘ziyoq biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha bejizga dunyoning TOP-10 taligiga kirmaganimizni ko‘rsatib turibdi. Markaz mutasaddilarining aytishicha, tadbirkorlik sub’yekti markazdan chiqishi bilan o‘zi ishini boshlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. (Hatto muhr va tamg‘alarni ham shu yerda tayyorlatish mumkin).

Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazi mutasaddilariga ko‘ra, 6,5 millionta dalolatnoma raqamlashtirilgan. Ya’ni, tizimda inson omilini kamaytirish, byurokratiya, turli sun’iy to‘siqlarning oldini olish uchun barcha choralar ko‘rilyapti.

Yo.MARQAYeV.