Xorijlik kinoijodkorlarni O‘zbekiston nimasi bilan jalb etyapti?
Odatda sayyohlarni mamlakatning tarixiy obidalari, buyuklar nomiga bunyod etilgan monumentlar, dengiz bo‘yi plyajlari, o‘zlari uchun noodatiy bo‘lgan iqlimi o‘ziga tortadi. Lekin kishilar orasida shundaylar borki, ularni hali hech kim kashf etmagan so‘qmoqlar, odamlar nazaridan uzoq qolayotgan daraxtzorlar, jimirlab oquvchi mitti buloqlar, mahalliy aholining urf-odatlari qiziqtiradi. Bunday kishilar safining old qatorida esa rejissyorlar turishi hech kimga sir emas.
Bugun kinorejissyorlar tomoshabinlarning kompyuter grafikasida yasalgan qahramonlar, qonli, jangari sahnalardan bezib qolgani, oddiy hayotni, yangicha odamlarni, yangi dunyoni ko‘rishni istashayotganini yaxshi biladi. Shu sabab oxirgi paytlarda rejissyorlarning tabiatni, aholi urf-odatlarini necha asrlardan buyon o‘z holicha saqlab kelayotgan mamlakatlarda film suratga olishni boshlagani hayratlanarli bo‘lmay qoldi. Bugun “O‘zbekkino” milliy agentligi kino dunyosida ro‘y berayotgan ana shu jarayondan unumli foydalanib, xorijlik kinoijodkorlar bilan yurtimizda filmlar suratga olish borasida kelishuvlarga erishmoqda.
Ayni paytda Buxoro, Xorazm viloyatlarida rossiyalik va hindistonlik kinoijodkorlar tomonidan ikkita filmni suratga olish ishlari boshlab yuborilgan.
Rejissyorlar bilan suhbatda suratga olish uchun nega aynan O‘zbekistonni tanlagani haqidagi savollarga Vatanimizning tabiati, mo‘’tadil ob-havosi va yurtdoshlarimizning xorijliklarga bo‘lgan samimiy hurmati, deya javob berishadi. Jumladan, yaqinda Yaponiyada premerasi o‘tkazilgan, tasvirga olish jarayonlari O‘zbekiston (Samarqand, Jizzax, Toshkent)da bo‘lib o‘tgan “Dunyoning bir chekkasi” filmi rejissyori Kiyosi Kurosava shunday dedi: “Men filmimni Registon yoki Ichan qal’ada olishim mumkin edi. Ammo O‘zbekiston odamlarining kamtarligi, tabiatining o‘ziga xosligi bilan ham go‘zal”.
Barno O‘NGBOYeVA.