Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Yaponiyaning “city.nara” nashri Nara va Samarqand shaharlari o‘rtasidagi aloqa Ipak yo‘li davridan buyon mavjudligi haqida yozdi. Maqolada o‘tgan 2023 yil O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tgani, muloqot chog‘ida ikki davlat hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, turizm, ta’lim, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilingani ta’kidlangan.

Janob Makoto Yamashita ikki shahar o‘rtasidagi aloqa tarixi qadim davrlarga taqalishi, hozir ham Narada joylashgan “Todayji” va “Xoryuji” buddiylar ibodatxonalarida so‘g‘dlar madaniyati aks etgan bebeaho buyumlar saqlanishini e’tirof etgan.

– Nara va Samarqand munosabatini yuqori baholayman, – deydi gubernator. – Masalan, prefekturamizda o‘tkazilgan “Samarqand kunlari” festivali mahalliy aholida juda iliq taassurot qoldirgan.

Muallif elchimiz Muhsinxo‘ja Abdurahmonovning 2021 yil 24 dekabr kuni Samarqand viloyati hokimligi va Nara prefekturasi o‘rtasida imzolangan do‘stona munosabat to‘g‘risidagi shartnoma asosida sheriklik har tomonlama rivojlanayotgani haqidagi chiqishini keltirgan. Shuningdek, Ipak yo‘li durdonasi sanalmish, 2500 yildan ortiq tarixga ega Samarqand shahridagi tarixiy obidalar – Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi kabi ko‘plab diqqatga sazovor joylar dunyo sayyohlari e’tiborini jalb qilishi go‘zal tashbehlar bilan ta’riflangan. 2001 yil UNESCO yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan Ulug‘bek va Sherdor madrasalari, Tillakori masjidi ham muhim ob’yektlar sirasiga kirishi urg‘ulangan.

Eslatib o‘tish joiz, 2019 yil avgust oyida Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolangandan buyon Nara turli qo‘shma tadbirlarga mezbonlik qilib kelmoqda. Xususan, ushbu yapon kentida Samarqandga bag‘ishlangan foto ko‘rgazma ham tashkil qilingan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA