Xorij voqealari qisqa xabarlarda: KXDR Janubiy Koreya chegarasida armiyani shay holatga keltirdi

🔹 Pekin Tayvan prezidentini Milliy bayram munosabati bilan qilgan murojaatida mustaqillikni targ‘ib qilganidan norozilik bildirdi. Ayni vaqtda Xitoy Tayvan oroli atrofida harbiy mashg‘ulotlarni boshlagan.

🔹 Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegaradagi artilleriya kuchlariga shay turishni buyurdi. KXDRda qayd etilganidek, vaziyatning keskinlashuviga Janubiy Koreya dronlarining bir oyda uch marta Pxenyan tomon yuborilgani va varaqa tarqatgani sabab bo‘lgan. Shuningdek, Shimoliy Koreya Seul bilan asosiy aloqa liniyalari yaqinidagi yo‘llarni portlatmoqchi. Janubiy Koreya rasmiylari ham armiya har qanday tajovuzga javob berishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

🔹 Isroil armiyasining so‘nggi 24 soat ichida Livanga bergan zarbalari oqibatida 51 kishi halok bo‘lgan, 174 kishi yaralangan. Havo hujumlari va artilleriya o‘qlari natijasida halok bo‘lganlar soni 2306 kishiga yetgan, 10,6 ming kishi jarohat olgan.

🔹 Kecha Hizbullohning dronlari Hayfadagi Isroil armiyasi bazasiga zarba berishi oqibatida 3 nafar isroillik harbiy halok bo‘lgan, 39 nafari yaralangan, ulardan 9 nafarining ahvoli og‘ir. Dronlar Isroil havo mudofaa tizimini chetlab o‘tgan.

🔹 AQShda qurollangan shaxs Donald Trampning Kaliforniya shtatida nuq so‘zlashi kutilayotgan joy yaqinida qo‘lga olingan. Uning maqsadi o‘rganilmoqda.

🔹 Eronda ommaviy zaharlanish sodir bo‘ldi. Metil spirti iste’molidan 48 kishi halok bo‘lgan. Zararli moddani ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar hibsga olingan.

🔹 Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Xarrisni 76 milliarder, uning raqibi respublikachi Donald Trampni esa 49 nafar milliarder qo‘llab-quvvatlamoqda.

🔹 Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, BMTning Livandagi Muvaqqat kuchlari tinchlikparvar kuchlarini Livan-Isroil chegarasidagi jangovar zonadan zudlik bilan olib chiqishni talab qildi. Oldinroq Isroil harbiylari Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlariga zarba bergan va dunyoning turli davlatlari tomonidan tanqidga uchragandi.

🔹 Turkiyada qishloq xo‘jaligi ishchilarini olib ketayotgan mikroavtobus ag‘darilib ketdi: 2 kishi halok bo‘lgan, 13 kishi yaralangan.