Xorijda ta’lim olishni istaysizmi? Tafsilotlarni bilib oling!

Avvalambor, har bir mamlakatning ta’lim tizimiga o‘ziga xosligini. Masalan, Buyuk Britaniyada vujudga kelib ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda keng qo‘llaniladigan ta’limning anglo-sakson modeli o‘z ichiga uch bosqichli oliy ta’limni oladi: bakalavr (o‘rtacha 3-4 yil), magistr (1 yil), fanlar doktori (3-4 yil). Biroq shunday bakalavr darajalari ham borki, ularni qo‘lga kiritish uchun amaliyotni ham o‘tash kerak. Masalan, dizaynerlar, avvalambor, tayyorlov kursini o‘tashadi, shundan so‘ng asosiy uch yillik ta’lim olishadi. Meditsina, stomatologiya va arxitektura sohasida bakalavr diplomini qo‘lga kiritish uchun 7 yilgacha o‘qish kerak. Magistratura va MVA yana 1-2 yil talab qiladi.
Xorijdan kelib o‘qiydiganlarga ko‘plab talablar qo‘yiladi. Bunda til bo‘yicha va akademik testlarni (TOEFL, IELTS, SAT, GRE, GMAT va b.) topshirish, hujjatlar tanlovidan o‘tish, ba’zida suhbatda qatnashish lozim bo‘ladi.
NARX-NAVO
Buyuk Britaniya OO‘Yuda ta’lim olish narxlari dunyodagi eng yuqorilaridan bo‘lib, yiliga 10 mingdan 15 ming funt sterlinggacha farqlanadi. Universitetlarning eng nufuzlilari mamlakat markazida, arzonroqlari shimoliy qismida va Shotlandiyada joylashgan.
Shuningdek, ta’lim narxi mutaxassislikka ham bog‘liq. Eng qimmati – meditsina, biotexnologiya va stomatologiya.
AQShda ham ta’lim narxlari mutaxassisligiga qarab farqlanadi. Bakalavriat dasturida ta’lim olish uchun yiliga 20-35 ming AQSh dollari to‘lanishi kerak. Garvard, Yel, Prinston va Stenford universitetlari esa juda qimmat – 30-60 ming AQSh dollari talab qilinadi. Ko‘plab universitetlarda xorijiy talabalar uchun chegirmalar ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, kampuslarning o‘zida ham ishlash imkoniyati mavjud.
Germaniyada esa ta’lim narxi ta’lim tiliga bog‘liq. Nemis tilida bo‘lsa, talabalar faqat ro‘yxatga olish badali 500-2000 yevroni to‘lashlari kerak. Fransiyada ham shunday. Fransuz tilida ta’lim oluvchilardan 500-3000 AQSh dollari talab qilinadi.
Italiyada ingliz tilida ta’lim olish uchun 10 ming-20 ming AQSh dollari kerak. Italyanchada o‘qish bepul. Bu mamlakatda eng qimmat yo‘nalishlar: moda va dizayn.
Xorijda o‘qish uchun talabalar turli grant ta’limi dasturlariga ariza berishlari mumkin. Grant o‘qish xarajatlarini qisman yoki to‘liq qoplaydi. Bunday dasturlarni internet orqali yoki mamlakatimizdagi turli ta’lim tashkilotlaridan, shuningdek, bizning gazetamizni kuzatib, xorijda ta’lim olish imkoniyatlari haqida ko‘proq bilib olishingiz mumkin.
ENG NUFUZLI OLIY O‘QUV YuRTLARI
Dunyodagi ko‘plab reyting agentliklari jahonning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatini tuzib boradi. Ularning tadqiqot natijalari bir-biridan farq qiladi. Ba’zida tafovut bir muncha katta. Shu sababli quyida keltirilayotgan reyting uchta – QC, Shanhai va U.S.News ro‘yxatlariga asoslab tuzilgan. Unga ko‘ra, jahonning 10 ta eng yaxshi oliy o‘quv yurtlarining sakkiztasi AQShda, qolganlari Buyuk Britaniyada joylashgan.
Garvard Universiteti
AQShning eng qadimiy oliy o‘quv yurti. Ushbu ta’lim maskanida 40 nafar Nobel mukofoti sohiblari hamda Teodor Ruzvelt va Barak Obama kabi siyosatchilar, Bill Geyts va Mark Sukerberg kabi biznesmenlar ta’lim olishgan.
Massachusets texnologiyalar instituti
Mazkur oliy o‘quv yurti aniq fanlar va texnologiyalar sohasida yetakchi universitet hisoblanadi. Bu dargohda aniq fanlar va muhandislik ishi borasida ilg‘or tadqiqotlar o‘tkaziladi. MTI 80 nafar Nobel lauretlarini hamda jahon rivojiga hissa qo‘shgan ko‘plab olimlar, muhandislarni yetishtirgan.
Kembrij universiteti
Afsonaviy ilm maskani Yevropadagi eng qadimiy universitetdir. Unga 1209 yilda asos solingan bo‘lib, faoliyatining boshidanoq eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari sirasiga kirdi. Jahondagi hech bir universitet bitiruvchilari orasidan bu qadar ko‘p Nobel laureati chiqmagan. Bu dargohda ta’lim olganlarning 88 nafari ushbu mukofot sohibi bo‘lishgan.
Oksford universiteti
Yevropaning ilk oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, Britaniya ta’lim tizimining faxri hisoblanadi. Dunyodagi minglab talabalarning orzusi. Bitiruvchilari orasida mashhur Lyuis Kerroll, Jon Tolkin, Margaret Tetcher va Toni Blerlar bor. Ushbu ilm dargohida o‘qitish an’analariga qattiq rioya qilinib ta’lim berish yuqori darajada saqlab kelinmoqda.
London kolleji universiteti
Londonda tashkil etilgan ilk ta’lim dargohi. Unga asos solingandan buyon ta’lim maskani ilmiy-tadqiqot ishlarida yetakchilardan bo‘lib kelmoqda. Ushbu oliy o‘quv yurtini Xitoy va Yaponiya bosh vazirlari hamda Aleksander Bell (telefon kashfiyotchisi), Jon Fleming (elektron lampalar ixtirochisi) va Frensis Krik (DNK molekulasi tadqiqotchisi) tamomlagan.
Stenford universiteti
Bu ilm dargohiga asos solinayotganda asosiy e’tibor nafaqat ilmli kishilarni, balki mehnat bozorida talabgor mutaxassislarni yetishtirishga qaratib kelingan. Bugungi kunda hamon shunday. Shu sababli OO‘Yu bitiruvchilari orasida dunyo tarixida keskin burilishlar yasagan ko‘plab novator va kashfiyotchilar bor.
Kaliforniya texnologiya instituti
Mazkur dargoh yangi texnologiyalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan. Universitet NASA (AQShning Milliy aeronavtika va kosmos ma’muriyati) ilmiy-tadqiqot markazlaridan biri – Reaktiv harakatlanish laboratoriyasini boshqaradi hamda o‘zining xalqaro observatoriyalar tarmog‘ida izlanishlar olib boradi. Universitet bitiruvchilarining orasida 33 Nobel mukofoti sovrindorlari bor.
Prinston universiteti
AQShning eng nufuzli va qadimiy OO‘Yudan biri. Bu yerda AQSh Prezidenti Vudro Vilson, aktrisa Bruk Shilds hamda Mishel Obama ta’lim olishgan. Bugungi kunda mazkur universitetga dunyoning turli burchaklaridan kelib o‘qishadi va ta’lim berishadi.
Yel universiteti
Talabalari ko‘pmillatliligi bo‘yicha Yel universitetiga teng keladigani yo‘q. Nufuzli ta’lim maskani ta’lim berish sifati bilan azaldan mashhur. Hatto XIX asrning boshlaridan buyon Yel universiteti turli mamlakatlardan iste’dodli abituriyentlarni jalb qila boshlagan. Shu sababli bitiruvchilarining orasida ko‘plab davlatlar rahbarlari, jamoat arboblari, olimlar va tadbirkorlar bor.
Kolumbiya universiteti
Nyu-York shtatining eng qadimiy universiteti turli yo‘nalishlarda yuqori muvaffaqiyatlarga erishgan iste’dodli bitiruvchilarni yetishtirgan. Ularning orasida 43 nafar Nobel laureati, 123 Pulitser mukofoti sovrindorlari, 3 nafar AQSh prezidenti hamda olamga mashhur yozuvchilar va jamoat arboblari bor.
Chikago universiteti
Mazkur ilmiy-tadqiqot universitetida 87 nafar Nobel mukofoti laureatlari (AQShda bu borada eng yuqori ko‘rsatkich) ta’lim olishgan. Ularning 17 nafari ushbu oliy o‘quv yurtining o‘zida ilmiy tadqiqotlarini olib borishgan.
London imperial kolleji
Meditsina, muhandislik va aniq fanlar sohasidagi tadqiqotlar borasida dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri. 1907 yilda tashkil etilgan OO‘Yu tez orada jahonning eng nufuzli ilm maskanlari sirasiga kirdi.
Saytimizda biz xorijda ta’lim olish imkoniyatlari, yo‘l-yo‘riqlar, tanlov va grantlar haqida ma’lumotlar berishni davom ettiramiz. Bizni kuzatishda davom eting.