Xorijliklar ham Navoiyga ehtirom ko‘rsatdi
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchilar, shoirlar, talaba va o‘quvchilar bilan gavjum bo‘ldi.
Buyuk mutafakkir tavalludining 581 yilligi munosabati bilan bog‘ markazida o‘rnatilgan Alisher Navoiy haykali poyida tadbir o‘tkazildi. Unda buyuk bobokalonimizning hayoti, boy madaniy merosi va bugungi kunda yoshlar tarbiyasidagi o‘rni xususida fikr yuritildi. Hazrat Navoiy asarlari dunyo xalqlarining bebaho ma’naviy merosiga aylangani qayd etildi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori, professor J.Eltazarov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi J.Suvonova Alisher Navoiyning turkiy til va adabiyot rivojidagi tilshunosligidagi o‘rni, uning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning turizm va madaniyat vazirligi vakillari ham ishtirok etdi.
- O‘zbekistonda uchinchi bor mehmon bo‘lib turibman, - deydi Turkiya turizm va madaniyat vazirligi xalqaro aloqalar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Go‘zda Shahin. - Bu galgi tashrifimiz turk dunyosining buyuk shoiri Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga to‘g‘ri kelishi bizni xursand qildi. Navoiy asarlari Turkiyada ham alohida hurmat bilan o‘rganiladi. Turk shoir va yozuvchilari tomonidan Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlab tarbiyaviy ahamiyatga ega asarlar yaratilgan.
Tadbirda talabalar tomonidan Navoiy g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.
Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan xazrat siymosi aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Tadbir so‘ngida shoir haykali poyiga gullar qo‘yildi.