Xususiy sektordan dekretga chiqilsa...
— Xususiy tashkilotda ishlayman. Mening dekret pulim qanday tartibda beriladi?
— Xususiy tashkilotda ishlayotgan xodimga homiladorlik va tug‘ish ta’tili puli “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari asosida to‘lanadi. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi nafaqani tayinlash va to‘lash uchun asos bo‘ladi. Bu hujjat rasmiylashtirilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida undagi ma’lumotlar hududiy ambulator-poliklinikaning yoki tug‘ruqxona muassasasining mas’ul xodimi tomonidan “Tibbiyot” axborot tizimiga kiritiladi va mazkur tizim tomonidan ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olingan ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda tekshiriladi. “Tibbiyot” axborot tizimi tomonidan tekshirilgan ma’lumotlar avtomatik ravishda “Yagona reyestr” axborot tizimiga yuboriladi.
Shundan so‘ng “Yagona reyestr” axborot tizimi tomonidan har oyning 4-sanasiga qadar nafaqa bo‘yicha to‘lov ro‘yxat (vedomost)lari “Xalq banki”ga taqdim etiladi hamda Jamg‘armaning g‘azna hisobvarag‘idan zarur mablag‘lar belgilangan tartibda “Xalq banki”ga o‘tkazib beriladi. Ko‘rsatilgan muddatning oxirgi kuni bayram va dam olish kunlariga to‘g‘ri kelganda, to‘lov ro‘yxat (vedomost)lari va zarur mablag‘lar keyingi 2 ish kuni mobaynida “Xalq banki”ning tuman (shahar) bo‘limiga taqdim etiladi va moliyalashtirilishi mumkin. Nafaqani to‘lash uchun “Xalq banki” va uning bo‘limlarida alohida maxsus bank hisobvaraqlari ochiladi. Shuningdek, “Yagona reyestr” axborot tizimi tomonidan to‘lov ro‘yxat (vedomost)lari bank plastik kartasi bo‘yicha shakllantiriladi. Bunda tegishli banklararo reprotsessing markazlaridan nafaqa oluvchining nomiga ochilgan, aktiv holatda bo‘lgan, oxirgi 60 kun davomida oxirgi tranzaksiya amalga oshirilgan bank plastik kartasi tanlab olinishi, nafaqa oluvchining bank plastik kartasi bo‘lmaganda, to‘lov naqd pul ko‘rinishida amalga oshirilishi mumkin.
Mirkomil FAYZULLAYeV,
Payariq tumani adliya bo‘limi xodimi.