Yana bir milliarder Ukraina ziddiyati boshlangandan buyon Rossiya fuqaroligidan voz kechdi

Rossiyalik milliarder, "Areti" energetika kompaniyasi asoschisi va rahbari Igor Makarov 2023 yilda Rossiya pasportidan voz kechdi. Amerikaning Forbes veb-saytidagi profilidan ma’lum bo‘lishicha, endi u Kipr fuqarosi.

Dunyoning eng boy odamlari reytingida 2,2 milliard dollar boyligi bilan Makarov 1368-o‘rinni egallaydi, u shuningdek moliyaviy jihatdan Kiprning beshinchi fuqarosi hisoblanadi. Milliarderning o‘zi Rossiya fuqaroligidan voz kechishga izoh bermadi.

2022 yilda Ukrainada jangovar harakatlar boshlanganidan keyin Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya unga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.

Avvalroq Forbes ro‘yxatining besh nafar sobiq yoki amaldagi a’zosi Rossiya fuqaroligidan voz kechgan edi: Freedom Finance investitsiya kompaniyasi asoschisi Timur Turlov (hozirda Qozog‘iston fuqarosi), “Troyka Dialog” investitsiya kompaniyasi asoschisi va sobiq egasi Ruben Vardanyan (Armaniston), investor Yuriy Milner (Isroil), fintex-startap Revolut asoschisi Nikolay Storonskiy (Buyuk Britaniya), Tinkof Bank asoschisi Oleg Tinkov (Kipr fuqarosi).