Yandeks o‘zbek tilidagi xabarlar xizmatini ishga tushirmoqda

Ommaviy axborot vositalarining e’tiroficha, bu holat yangi ommani jalb qilishga yordam beradi, foydalanuvchilar xabarlarni qaysi tilda o‘qishni o‘zlari tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yandeks o‘zbek tilidagi xabarlar xizmatini ishga tushirmoqda, deb yozadi Sputnik.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu holat mahalliy OAVga yangi ommani jalb qilishga yordam beradi, foydalanuvchilar xabarlarni qaysi tilda o‘qishni o‘zlari tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

- Aholida bo‘lib o‘tayotgan voqealar haqida to‘liq va ishonchli ma’lumotlar bo‘lishi zarur, shuning uchun biz xabarlarni o‘zbek tilida ham, rus tilida ham nashr qilishni rejalashtirdik. Hozirda ko‘plab mahalliy nashriyotlar bizga rus tilidagi maqolalarni berishmoqda. Biz OAV o‘zbek tilida chop etayotgan ma’lumotlar bilan ham bo‘lishadi degan umiddamiz. O‘shanda foydalanuvchilarimiz barcha yangiliklardan xabardor bo‘ladi”, - deydi Yandeksning O‘zbekistondagi hududlar bo‘yicha direktori Yevgeniy Lukyanchikov.

Hozirgi kunda Yandeks.Novosti faqat rus tilida faoliyat olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgust kuni Yandeks, O‘zbekiston smartfonlari uchun virtual klaviatura ishga tushirgandi.

Unda yordamchi, stiker, ovozli so‘z kiritish, tarjimonlik va boshqa xizmatlar mavjud. 

Yozishmalarni o‘zbek tili, rus tili, ingliz tili va yana 12 xil tilda olib borsa bo‘ladi. O‘zbekcha yozganda lotin alifbosidan ham kirill alifbosidan ham foydalansa bo‘ladi.