Yangi kitob: "Gazeta - o‘qish uchun chop etiladi!"
Yaqinda poytaxtimizda shu nomdagi kitob nashrdan chiqdi. Bu kitobga duch kelgan ijtimoiy tarmoq “faol”i yana bir gazetachining gazeta o‘qish haqidagi nasihatida, degan o‘yga borishi aniq.
Qizig‘i, kitob muallifi Alisher Toirov yosh iqtisodchi, faoliyati ham shu soha bilan chambarchas bog‘liq. Ammo u bugungi bosma nashrlarning taqdiriga befarq bo‘lmagan doimiy kuzatuvchisi. Muallif kitobdan o‘rin olgan mulohazalarida bugungi gazeta va jurnallarning taqdiri haqida jonkuyarlik bilan so‘z yuritadi. Xususan, kitobda boshlang‘ich sahifalaridan o‘rin olgan “Gazeta - o‘qish uchun chop etiladi!” sarlavhali maqolasida bildirgan mulohazalari millat ma’naviyatiga befarq bo‘lmagan har bir kishini o‘ylashga, muammoga teran nazar solishga undaydi.
“Davlat arbobi Sharof Rashidovning nomi bizga doim gazetalarning kuchini bildirib turadi. Bu insonning yetuk siyosatchi bo‘lishida gazetaning o‘rni muhim bo‘lgan. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi ulug‘ shoirlarimiz ham she’riyatga ilk qadamlarini tahririyatda qo‘ygan, shu yerda qalami charxlangan. Afsuski, bugun “makulatura” so‘rasa qo‘lingizga gazeta, jurnal tutqazadigan avlodga aylandik”.
Ha, bugun internetda axborot tarqatish tezligi bilan bahslashadigan manba harqalay hozircha ma’lum emas. Ammo faqatgina axborotning tezkorligini muhim bilib, fikr-mulohazali, tahliliy-tanqidiy maqolalar o‘qishdan o‘zni mahrum qilish ham to‘g‘ri bo‘lmas. Bosma nashrlarni, xususan, gazeta o‘qishni tark qilayotgan bugungi jamiyat mana shu sababdan ham ur-yiqit axborotlar bilangina qanoatlanyapti. Kishi internetda o‘ziga kerak bo‘lgan axborotni qidirar ekan, smartfon ekranida u minglab o‘ziga jalb qiluvchi reklama va targ‘ibot ilovalariga duch keladi. Beixtiyor ularning qutqusiga uchib, asosiy maqsad-muddaodan chalg‘iydi. Adashgan yoshlar, jinoyatga qo‘l urayotgan kattalar ana shunday tahrirsiz, asossiz axborotlar qurboniga aylanayotganini hech kim inkor etolmaydi. Internetda juda ko‘p soxta yangiliklar mavjud va gazeta har doim tasdiqlangan ma’lumotlarni taqdim etadi. Biz bugungi internet tajovuziga qaramay, dunyoda har kuni minglab, millionlab gazetalar chop etilayotganidan xabardormiz. Holbuki, internet AQSh, G‘arb davlatlari, Yaponiya yoki Xitoyda O‘zbekistondagiga qaraganda ancha tezkor. Ammo ularda bugun ham gazetalar millionlagan nusxada chop etilyapti.
Muhimi, gazeta o‘qish kishida mutolaa ko‘nikmasini hosil qiladi. Bundan xulosa qilish mumkinki, gazeta o‘qimayotgan avlod kitob o‘qishdan ham yiroqlashyapti. Shunday ekan, bosma nashrlar taqdiriga ommatan befarqlik yosh avlodning savodxonlik darajasiga ham salbiy ta’sir qilishini tushunib yetishimiz lozim.
Kitobda shu kabi fikrlarni o‘qir ekansiz, bu e’tiborsizlik va befarqlik oqibatidan ma’naviy yo‘qotishlarimizning ko‘lamini his qilasiz.
Sulaymon Mardiyev.