Yangi loyihalar Samarqand yo‘lovchi transportini tartibga soladi

Viloyat Matbuot uyida transport boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Qorjovov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyatda yo‘lovchi tashish sifatini oshirish borasida olib borilayotgan yangi loyihalar xususida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda Samarqand shahri transport tizimini tubdan takomillashtirish, jamoat transportini aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida Transport vazirligi, Toshkent davlat transport universiteti hamda Rossiyaning “Simetra” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida transport rejasi ishlab chiqilmoqda.

- Barcha yo‘nalishlar, ko‘chalar, svetoforlarning ishlash tartibi, avtomobil oqimi bo‘yicha ma’lumotlar ko‘chalarga bevosita onlayn kameralar o‘rnatish orqali o‘rganilmoqda, - deydi J.Qorjovov. - Jumladan, Samarqand shahridagi transport oqimi yuqori bo‘lgan 55 ta joyga hamda shaharga kirib keladigan, shahar markazidan 50 kilometr masofada bo‘lgan hududlardagi 45 ta nuqtalarga kuzatuv kameralarini o‘rnatgan holda transport oqimi tahlil qilinmoqda. Jizzax politexnika instituti mutaxassislari tomonidan esa avtoboshbekatlar va bekatlarda jamoat transportining jadalligi, yo‘lovchi oqimi o‘rganib chiqilmoqda.

Yangi loyihalarga asosan shaharda alohida yo‘lakda avtobuslar harakatini tashkil etish, unga katta sig‘imli avtobuslarni qo‘yish, yirik chorrahalarda o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, avtobuslar intervallarini qisqartirish kabi choralar nazarda tutilgan.

Transport tizimi rejasida barcha ma’lumotlarni yig‘ib, tizimlashtirish, raqamlashtirish va shahar transport tizimi matematik modeli hamda pasportini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, namunali “BRT”, ya’ni tezyurar avtobus yo‘lagi tizimli pilot loyihasini joriy etish rejalashtirilgan.

Samarqand shahrining ichki hududi va uning atrofidagi turar-joy, biznes majmualari, savdo va ko‘ngilochar markazlarining texnik iqtisodiy ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda pasportlari va lokatsiya joylashuvi tayyorlanadi. Shaharda tramvay yo‘llari avtotransport oqimidan ajratilib, xavfsiz va qulay bekatlar joriy etiladi.

“BRT” - tezyurar avtobus yo‘lagi loyihasi bo‘yicha Samarqand shahriga Past Darg‘om hamda Urgut va Toyloq tumanlaridan kirib keladigan 70 mingga yaqin yo‘lovchi oqimlari 44 ta yo‘nalishga bog‘lanadi. Yo‘nalish bo‘ylab 20 ta chorrahaning dizayni o‘zgartiriladi.

- Yangi loyihaga ko‘ra, “Hazora” avtoboshbekatidan “Siyob” avtoshohbekatigacha bo‘lgan 12 kilometrlik masofada 17 ta bekat joylashtirilib, 14 dona 12 metrlik zamonaviy avtobuslar harakatlanadi, - deydi Transport vazirligi qoshidagi transport muammolarini o‘rganish markazi direktori Murod Abidov. - Ularning orasidagi interval esa 4 minutni tashkil etib, yo‘lovchilarni kunlik transportga sarflanadigan vaqti 30 daqiqagacha tejalishi ko‘zda tutilgan. Loyiha joriy yilning 1 sentyabrigacha ishga tushadi.

Dilmurod To‘xtayev.