Yangi Xitoy devori yoxud Chin mamlakati o‘zini qo‘shnilaridan to‘sishga kirishdi
Ilgari qudratli davlat boshqa mamlakatlarga ta’sir o‘tkazishdan qo‘rqmagan bo‘lsa, endi Pekin Myanma bilan chegara bo‘ylab 650 kilometrda mustahkam temir devor qurdi. U Yunon provinsiyasini Myanmaning Shan shtatidan ajratib turadi.
Bundan sal avval Vetnam bilan chegarada 12 kilometrda devor paydo bo‘lgan edi. Hozir unga qo‘shimcha seksiyalar qo‘shilmoqda. Hukumat buni koronavirusdan himoya deb izohlamoqda. Sentyabrda Xitoyga Myanmadan virusga chalingan ikki kishi o‘tgandi. Odamlar yashirincha chegaraning qayerida o‘tish imkoni bo‘lsa, mamlakatga o‘sha joydan kirib kelyapti. Endi devor Myanma va Vetnamdan Xitoyga ish qidirib kelayotgan noqonuniy muhojirlarning yo‘lini to‘sishi kerak. Vetnam doimiy ravishda chegaradan o‘tayotgan xitoyliklarni mamlakatdan quvib chiqaryapti.
Myanma bilan chegaraga patrullik qilish uchun qo‘shimcha kuchlar yuborilgan. Yangi buyuk Xitoy devori o‘ta ulug‘vor ko‘rinishda, u metall to‘sinlardan tiklanib, tikanli sim bilan qoplangan. Har bir necha metr oraliqda videokameralar o‘rnatilgan, deb davom ettiradi xabarini “Mir novostey” (2021 y. 6-son) haftanomasi.
Shu bilan birga Xitoy G‘arbiy Yevropa bilan yaqinlashishini ko‘zlayapti. Ular esa bunga quchoq ochib peshvoz chiqishyapti. Yaqinda kansler Angela Merkel Baydenning yo Xitoy, yo AQSh o‘rtasida bo‘lishga chaqirig‘ini rad etdi. “Men blok tuzishda ishtirok etmoqchi emasman”, dedi Markel Davosdagi Butunjahon iqtisodiy virtual forumida. U AQSh bosimiga qaramay Yevropaning Xitoy bilan investitsiya bitimlaridan qoniqish hosil qilganini yana bir bor ta’kidladi. Gap bu yerda yuz milliardlab yevro sarmoya haqida bormoqda.
T.Shomurodov tayyorladi.