“Yangi yil — yoshlar bilan!”
Viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan shu shior ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda o‘tayotgan yil yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi yil rejalari xususida fikr almashildi.
Shou tarzida o‘tkazilgan bayram tadbirida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan faol yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev 2025 yil Samarqand yoshlari uchun muvaffaqiyatlarga boy bo‘lgani, viloyat yoshlari respublika miqyosida ko‘plab yo‘nalishlarda ilg‘or natijalarga erishib kelayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi davomida yoshlar siyosatiga alohida e’tibor qaratilgani va kelgusida bundan-da yuqori natijalarga erishishi zarurligini qayd etdi.
Tadbirda yil davomida samarali hamkorlik qilgan boshqarma, korxona va tashkilotlar rahbarlariga tashakkurnoma hamda bayram sovg‘alari topshirildi.
Qorbobo, Qorqiz, ertak qahramonlari, taniqli san’atkorlar hamda yosh iste’dod egalarining chiqishlari bayramga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.