Yaqin kelajakda Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li, Gagarin ko‘chalarida zamonaviy yo‘l hamda piyodalar yo‘lagi quriladi

Joriy yilning 31 oktyabr kuni saytimizda “Bizga piyodalar yo‘lagi kerak emasmi?” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Samarqand shahar hokimligi maqolada qayd etilgan tanqidiy fikrlarga munosabat bildirdi:

“Maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklar ko‘pdan buyon kuzatilib kelinmoqda. Ba’zi tadbirkorlar o‘zboshimchalik bilan harakat qilib, savdo do‘konlarida saqlanishi kerak bo‘lgan mahsulotlarini piyodalar yo‘lagiga chiqarib sotishmoqda. Oqibatda piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘lak qisqarib, aholi yurishiga xalaqit berayotgani bor gap. Ayni paytda mazkur holat mutasaddilar tomonidan ko‘rib chiqilyapti va tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, maqolada Buyuk Ipak yo‘li, Gagarin va boshqa ko‘chalarning ikki tomoni “mashina bozori”ga aylantirilgani ham ta’kidlangan. Ma’lumki, ayni paytda shahrimizda obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Ushbu ko‘chalarda ham navbati bilan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi va zamonaviy yo‘l hamda piyodalar yo‘lagi qurilib, aholi qatnovi uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Ayni kunlarda Samarqand shahrining Amir Temur, Rudakiy va ularga tutash ko‘chalarida piyodalar yo‘laklarini qurish, ta’mirlash va tartibga olish ishlari davom etmoqda.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati”.