Yaqin Sharqdagi urush qanday tugaydi? Kim g‘olib bo‘ladi?

Yaqin Sharqdagi ziddiyat yaxshi tanilgan ekspertlar tomonidan taxminlash jarayonida. Ularga ko‘ra, AQShning Eronga harbiy yurishi haddan tashqari yo‘qotishlarga sabab bo‘lmoqda. Professor Szyan Syuesinning fikricha, Eron rel’yefi Amerika harbiy texnikasi bir qancha noqulayliklar tug‘dirib, 3-4 million askar talab etadi. Bulardan tashqari, iqtisodiy faktorlar ham yuzaga chiqadi. Jumladan, Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi global iqtisodiyotga zarar keltirishi mumkin. Boshqa ekspertlar esa to‘qnashuvlarning qo‘shni mamlakatlarga ta’sir qilishini ta’kidlashmoqda.

Shu kunlarda Yaqin Sharq ziddiyati keng jamoatchilikning diqqat-markazida qolyapti. Ayniqsa, talaba-yoshlar bunga qiziqish juda yuqori. Auditoriyalarda professor-o‘qituvchilarga berilayotgan savol ham shu – voqealar rivoji qanday bo‘ladi? Qurolli to‘qnashuvlar nima bilan yakun topadi? Kim g‘olib chiqadi? 

Bir narsa hozirdanoq aniq. Urush boshlagan tomon oldiga qo‘ygan maqsadlariga erisha olmaydi. Buni ekspertlarning quyidagi fikr-mulohazalari tasdiqlaydi. 

Birinchidan, pekinlik professor Szyan Syuesin tarixiy tahlil va o‘yinlar nazariyasiga tayanib, Eronga harbiy bostirib kirish AQSh uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini shunday tushuntiradi:

- Eronning notekis, tog‘li va qoyali rel’yefi Amerika harbiy texnikasining ustunligini deyarli yo‘qqa chiqaradi. AQSh askarlarining “jangchilar emas, balki garovga olinganlarga” aylanib qolishi xavfi yuqori. Chunki Eron bunday to‘qnashuvga 20 yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan.

Atigi 100 ming askarni yuborish Isroil yoki Amerika uchun harbiy nuqtai nazardan nafaqat mantiqsiz, balki halokatli ham.

Boz ustiga, dunyo neftining taxminan 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozining yopib qo‘yilishi jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba beradi. Chunki AQSh iqtisodiyoti ham global iqtisodga bog‘liq. Qolaversa, AQSh oziq-ovqat mahsulotlarining katta qismini import qiladi. Shuning uchun bunday blokada unga boshqalardan ko‘ra kuchliroq ta’sir qilishi mumkin.

Ikkinchidan, Malayziya Xalqaro islom universiteti professori Far Kim Bengning fikricha, mojaroning keng ko‘lamli mintaqaviy urushga aylanishi ehtimoli yuqori. Biroq Uchinchi jahon urushi boshlanishi ehtimoli past. Sababi, Xitoy, Rossiya, Fransiya va Britaniya kabi yirik davlatlar keskinlik kuchayishidan manfaatdor emas. Aksincha, uni to‘xtatishga intiladi. Chunki bu urush ularga ham kamida katta miqdordagi moddiy zarar keltiradi.

Uchinchidan, AQSh mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Dana Straul Foreign Affairs jurnaliga bergan intervyusida AQShda urushga nisbatan jiddiy ichki norozilik borligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Amerika va Isroil harbiylari birlashgan holda harakat qilayotgan bo‘lsa-da, Amerika jamoatchiligi bu urushga keskin qarshi. Haqiqatan, ba’zi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, amerikaliklarning taxminan 60 foizi bu kampaniyani qo‘llab-quvvatlamaydi. Yo‘qotishlar ortishi bilan Trampga bosim ham kuchayadi.

To‘rtinchidan, ekspert Ahmad Vafiq Avadning fikricha, agar urush cho‘zilib ketsa, Tramp tez natijaga erishish uchun Isroilni chetlab o‘tib, Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvga borishi ham mumkin. Bunda u garchi, urushda g‘alaba qozonmagan va birlamchi maqsadlariga erishmagan bo‘lsa-da, AQShning g‘alabasini ommatan e’lon qilishi mumkin. Chunki unga joriy yilning noyabr oyida Kongress uchun bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlardan oldin siyosiy natija nihoyatda zarur.

Xulosa shundaki, Bu urush Amerika yoki Isroil uchun oson kechmaydi. Eron uzoq davom etadigan, resurslarni yemiradigan urushda muayyan ustunlikka ega. Ulardagi logistika va jamoatchilik AQSh va Pentagonga qarshi ishlamoqda.

Hal qiluvchi omil jang maydonidagi jasorat emas, balki iqtisodiy barqarorlik, Vashingtonning siyosiy irodasi bo‘ladi. Agar Tramp Tehronning tez taslim bo‘lishiga erisha olmasa, professor Szyanning tahlili mistik bashorat emas, balki oddiy matematik hisob-kitob bo‘lib chiqadi.