Yarim asr gazetada ishlagan matbuot faxriysi xonadonida
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan jurnalistika sohasida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan, yoshlarga namuna bo‘lib kelayotgan faxriy ijodkorlar salohiyatidan foydalanish, ular tajribasini ularga o‘rnak qilib ko‘rsatish maqsadida joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazish an’anaga aylandi.
Ana shunday uchrashuvning navbatdagisi Samarqand shahrida o‘tkazildi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, uyushmaning viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov shaharning Kimyogarlar qo‘rg‘onida yashovchi 75 bahorni qarshilagan, "Shuhrat" medali sohibi Mahbuba Sharopova xonadonida bo‘lib, ijodkor bilan dildan suhbat qildi.
M.Sharopova ijodiy faoliyatini 1967 yilda “Zarafshon” gazetasida kadrlar bo‘limi xodimligidan boshlab, harf teruvchi, musahhih bo‘lganini gapirib berdi. O‘qib, o‘rganishi natijasida Samarqand davlat universiteti talabasi bo‘lgani, shunda ham gazeta chop etish jarayonlarida doim qatnashib turganini esladi.
- Sizning matbuot sohasidagi 47 yillik beminnat xizmatingiz barchamiz uchun ibrat, — dedi Xolmurod Salimov. — Ayniqsa, shogirdlarga bergan hayotiy sabog‘ingiz, o‘gitingiz yosh jurnalistlar uchun tajriba maktabi. Shuning uchun tahririyatga borib turishingiz, o‘z tajribalaringiz bilan o‘rtoqlashishingiz bugungi xodimlar faoliyatiga foyda beradi.
- Albatta, vaqt topdim deguncha qadrdon tahririyatimga otlanaman, — dedi M.Sharopova. — Avvalo, biz, faxriylarga hamisha ko‘makchi va g‘amxo‘r bo‘lgan Prezidentimiz, hokimliklar va qadrdon "Zarafshon" gazetam jamoasidan minnatdorman. Mana, bugun sizlar xonadonimga yo‘qlab kelib, meni yanada ruhlantirdingiz. Bu kabi shirin diydor uchrashuv meni yanada ijod qilishga undaydi.
Ustozga matbuot sohasiga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining tashakkurnomasi va sovg‘asi topshirildi.