Yarim asrlik mashaqqatli ijodning e’tirofi
Bulung‘ur tumanida “Bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashik - Vatanmiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Faxriy jurnalistlar e’tibor va e’zozda” aksiyasi doirasida tashkil etilgan tadbir bulung‘urlik ijodkor, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Xolboy Qosimovning tavalludiga 70 yil, ijodiy faoliyatiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazildi. “Ijod, mashaqqat, mas’uliyat va e’tirof”, deb nomlagan mazkur adabiy, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv ijodkorning “Qadriyat” kitobi taqdimoti tadbiriga ulanib ketdi.
Ijodiy uchrashuvda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev, Bulung‘ur tumani hokimi S.Astonov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyati bo‘limi raisi A.Haydarov ishtirok etib, X.Qosimovning sermazmun ijod yo‘li va kasbga doir qiziqarli voqealarini esga oldi.
Xolboy Qosimov ijod qilish bilan birga Bulung‘ur dostonchilik maktabining asoschisi, baxshi shoir Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining 150 yillik yubileyi oldidan Fozil Yo‘ldosh nomli mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi uy-muzeyini yangidan barpo etish, uni noyob va nodir eksponatlar bilan boyitish, hayoti va ijodiga oid turli xil tarixiy qimmatga ega bo‘lgan hujjatlarni, qo‘lyozmalarni, fotosuratlarni to‘plash ishlarida jonbozlik ko‘rsatdi. Bundan tashqari, baxshi shoirning hayoti va ijodi, boy tarixiy merosiga bag‘ishlab yozgan 20 dan ortiq maqolalari, ocherklari tuman, viloyat, respublika matbuot nashrlarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.
Tadbir yakunida faxriy jurnalistga tashkilotchilar - O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyati bo‘limi, Bulung‘ur tumani hokimligi, “Bulung‘ur hayoti” gazetasi tahririyatining sovg‘alari, ishtirokchilarga esa X.Qosimovning "Qadriyat" kitobi ulashildi.
Uchrashuvda yil yakuniga qadar tuman markaziy xiyobonida "Ijodkorlar bog‘i" tashkil etilishi taklif etildi. Shuningdek, tuman kutubxonasiga "Zarafshon" gazetasi kutubxonasi" turkumi ostida chop etilgan 50 nusxa kitob topshiriladigan bo‘ldi.
Husan ELTOYeV.