YAXSHIYAM SO‘Z BORDIR DUNYODA
Abdulla Sherning “Yonayotgan yo‘l” kitobini o‘qib
Shoir menga (men uni dastavval faylasuf sifatida emas shoir sifatida taniganman) insoniy tushunchalardan tashqari tuyg‘ularimni ham idrok etishimga ko‘maklashardi.
Esimda, talabalik paytlarim uning she’larini daftarlarimga ko‘chirib o‘tirardim. Kimgadir aytolmagan so‘zlarimni shu she’rlar orqali izhorga yo‘llashga chog‘langanlarim qancha...
Dilimdagilar mujassami bo‘lgan Abdulla Sher she’riyati qarshisida o‘zimni goh shunchalar ojiz, goh yettinchi osmonlarda ko‘rganlarim qancha...
“Yonayotgan yo‘l” necha oydan beri stolim ustida. Necha oydan beri necha marta qo‘limga oldim.
Men ishondim, qattiq ishondim,
So‘ng qoqilib burnim qonadi.
Qizil qonga belangan jonim,
Gulxan bo‘lib endi yonadi.
Vaqt charxpalagi boshimni guvvillab aylantiradi. Dosh berolmay ko‘zlarimni yumaman. Soniyalar qarigan umrimni keltirib ko‘zimga tiqadi...
Shoir yoki yozuvchi haqida odatda u hayotdan ko‘z yumganidan keyin ko‘proq yozishga kirishiladi. Go‘yo tirikligida bu ish noo‘rindek. Ehtimol, bunga qodir emasdirman, ammo Abdulla Sher she’riyatini XXI asrning chinakam faylasufona dramatizmi degim keladi. Xolbuki, shoirning birorta asari teatr sahnasiga chiqmagan. Yoki men bexabarman.
XX asrning dahshatli jallodlaridan biri – Iosif Stalinga she’ri. Satrlar boshidanoq tomoshabin qurshovga oladi. She’r so‘nggiga yetguningcha chinakam urushning olovli yo‘llaridan yurib o‘tasan. Qalbingda o‘z-o‘zidan so‘z aytish qudratiga ega ekaning bo‘y rostlasa, naqadar ulug‘ millatga mansublik iftixori bosh-oyoq vujudingdan tashqariga qalqib chiqadi. Va sen o‘z qo‘llaring bilan o‘sha ma’shumlik egasini bo‘g‘ziga o‘tkir tirnoqlaringni botirasan. Kreml devorlariga kaftingdagi bir siqim kulni yuraging to‘la faryod, nafrat qorishilgan g‘urur ichida sochib yuborasan. Quloqlaring tagida jangchining xitoblari jaranglaydi:
... Sen- chi, kimsan? Olis bir ko‘lka,
Botqoqlarda yo‘qolgan yo‘lsan!
Mosuvosan – yetti yot o‘lka
Devorida bir siqim kulsan!
Ha,“Yonayotgan yo‘l” ning bir ko‘chasidagi ko‘rgulik bu!
Shoirning she’riyati men uchun goh jang maydoniga aylansa, goh oy nurida egatlarga taralayotgan suvning shildirog‘i ostida dalalarga boshlaydi. Goh sovuqdan muzlab qolgan qo‘llarimizni damimiz hovurida isitishga urinib puf-puflatgancha qor tegib muzlagan tolalarga mukka tushib egiltiradi...
Tani qizg‘ish, barglari tajang
Shildiragan g‘o‘zapoyalar
Taratadi kulrang bir ohang
Qorga tashlab uzun soyalar.
Quyosh boshiga qip-qizil ro‘molini o‘ragan mahalda terimdan qaytayotib sinfdoshlar kimsasiz qolgan chayla atrofida polizning u bu yerida unutilib, dumalanib yotgan qovunlarni etaklarimizga soldiradi. Uzun-uzun poyalar oyoqlarimizga o‘ralib yiqilamiz, guv-guv kulamiz...
... Sentyabr quyoshi silaydi iliq,
Yuzimiz, yelkamiz, qo‘llarimizni,
Dunyo muncha go‘zal, muncha xush qiliq,
Tangri uzun qilsin yo‘llarimizni!...
“Yonayotgan yo‘l”- ning yo‘llaridan chiqolmay... sevgidan charchagan yurak bir muddat tinchib, dunyo jimlik ichida qolganini his qila- qila, takror yana takror ayriliqning asriy hasratiga cho‘kayotgan jisming azob girdobida naqadar totli tirilishni udda qilayotganini tomosha qilasan...
“Ayb o‘tadi, axir, hammadan...”
Nedir dedim men ham notayin.
Oniy ilinj, yengil chamadon,
“Qol!” demadim senga atayin.
“Yonayotgan yo‘l”ga qo‘l cho‘zaman yana. Bu safar ham u meni shovqinga to‘la, devorlari oppoq, atrofini gujumlar o‘ragan maktabim bag‘riga yetaklaydi. Partalar oralab kimningdir qo‘llari gul uzatadi...
Biz ikki sinfdosh yaxshi ko‘rardik
Hovlini bezagan qiyg‘os olchani.
Birga dars qilardik, uchar gilam deb
Olcha ostidagi eski sholchani.
Uniqqan sholchaga bag‘rimiz berib,
Badavlat edik biz - bahordek xushro‘y.
Qismat olib ketdi bir epkin bo‘lib,
Bizga yetolmasdan qolib ketdi to‘y...
Qulog‘ingga qishloq bo‘ylab sokin oqshom cho‘kayotgan pallada hofizning nolasi keladi. Oppoq libosli kelinchak, yonida partalar oralab yurib kelib gul uzatayotgan qo‘l ko‘rinadi...
Bolalik atalgan aziz diyorning
Bag‘rida hanuz bor olis ul qishloq;
Men hanuz etagin tutib bahorning
Sog‘inib yashayman seni, qizg‘aldoq...
Sog‘inib o‘qiyotganlaring ichingdagi sog‘inchlarga qo‘shilib, iztiroblar lov-lov yonayotgan yo‘llardan seni qayta-qayta omon olib o‘taveradi.
Go‘yo miyang ishlashdan to‘xtagan, o‘zingni bu qadar notavonlik ichida sezib, o‘pkang xo‘rlikka to‘ladi. Birdan o‘zing, faqat o‘zing haqingda o‘ylay boshlaysan. Dunyoga kelganing, kim bo‘lib kelganing, senga so‘z aytishdek ne’mat ato etilgani, zuvolangni qorayotgan Egam loyingga shu qudratdan bir chimdim qo‘shib yuborgani esingga tushib ketadi.
Salom, She’rim! Nihoyat, mana,
Chiqib kelding da’fatan bog‘dan
Va zabt etib ruhimni yana
Yonib boqding so‘nggi yaproqdan.
Qish ham o‘tdi, yoz o‘tib ketdi,
Bir sengina qolding, She’rginam.
Qayg‘urma deb: “kerakman kimga?”
Umid bilan bo‘yginangni cho‘z:
Jaranglasin yetti iqlimga
Ikkimizga umr bo‘lgan So‘z.
Yaxshiyam shu so‘z bor ekan... Yaxshiyam...
Oradan ancha fursat o‘tdi. “Yonayotgan yo‘l” dagi fikrlarim dabdurustdan to‘xtab qoldi. Yuragim og‘rib yurdi, oylab og‘ridi. Abdulla Sherni ko‘rmaganim biroz ko‘nglimni aldab tursa ham miyig‘ida kulimsirab turgan sinovchan nigohlari “sendan so‘radimmi, eplasang yoz, eplamasang to‘xtat” degan ishorani qilayotganday. Ulardan o‘zimni olib qochmoqchi bo‘laman. Keyin, birdan undan emas, o‘zimdan qochayotganimni sezaman. Kitobga qo‘l cho‘zaman, barmoqlarimning o‘zi ochadi varog‘larni...
Turib bo‘lmas: sirpanchiq, toyg‘oq
O‘tkinchi baxt, shuhratu shonlar.
Biroq doim yashaydi uyg‘oq
Qonimdagi buyuk Kushonlar.
Ichimda nimadir uyg‘ona boshlaydi, nimadir o‘sha meni g‘aflatdan turtkilaydi.
... Men kiraman ming yillar avval
Tug‘ilgan Baxt qiyofasiga,-
Nursiz kunlar berolmas halal
Qalbimdagi ziyo fasliga.
O‘zingni qo‘lga olishga, istasang o‘zingga qaytishingga shu satrlarning o‘zi kifoyadek.
“Ayolga shafqat”ga duch kelgan qo‘llarimga titroq kiradi. Satrlar so‘nggi bor oyoqqa turishga kuch topganu, mushtipar jussasi tomon uzalmagan najotkor qo‘l izlanayotgan pariga aylanib bo‘lgan bo‘ladi... Yiqilgisi keladi. ... “Yiqilsam tutarmikan” degan oniy fikr yalt etib o‘tadi shuuridan. Yashashga tashna lablar orasidan yutoqqan alam allaqachon “dod” ga aylansada, chiqmayotgan ovozini hech kim anglamaydi...
Madhini qilolmay shoshadi she’rim,
Ayolning g‘ayrati, shijoatidan.
Va lekin daryodek toshadi she’rim,
Zamonning ayolga hiyonatidan...
Ooo - hayotning zaminga tutash yuragi, oxiri yiqitding, oxiri tinding...
“Dunyo degan bu daryobodda” “Yonayotgan yo‘l” orasi bir qadam ersada, men “netayin” sira yo‘lning so‘nggiga yetolmay tentirayman. Shu qadarga qadar yozganlarim naqadar g‘ariblik kasb etib ketadi. Ustiga ustak dunyodunga haq istab “cho‘zilgan qo‘llarimning sog‘inchli qayg‘usi” zaifgina kaftlarim orasida sag‘ir qolgan bo‘m-bo‘sh jomning qayta to‘lmasligi qalbimni iztirobga cho‘ktiradi.
Tugaydi mening ham yerdagi yo‘lim,
Qachondir ko‘zimni yopib qo‘yarlar.
Unutib men aytgan qo‘shiqlarni, jim,
Qabr uchun hosildor yerni o‘yarlar.
... Bo‘lgan- bo‘lmaganim aylanar sirga.
Shu yerda yozishdan taqqa to‘xtayman. Shoir qalbining yuki zo‘ridan yuragim bir nafas tin olmasa yorilib ketish ehtimoli bordek. Charetsdan tarjimalar shu qadarki ikki buyuk daho ruhi bir-biriga singib ketgani rost:
Shoirlik ne? Yo hoyu havas,
Yo darbadar kechgan hayotmi.
Agar unga tikilsang birpas,
Ilg‘agaysan ulkan hayotni.
Kuraklarimdan o‘sib chiqqan qanotlar tuproq bo‘yi ko‘milgan jonimni osmonu falaklarga olib chiqadi. Seni anglash, seni tushunish, senga yetishga ulgurmagan haqiqatlar ko‘zlaringga yosh bo‘lib silqib chiqadi. Sen odamga o‘xshamaysan, odam bo‘lging keladi. Qo‘lingdan kelmagan odamlik oyog‘ingga tushov bo‘lib botaveradi;
Shoir fildan, devdan kattadir,
Shu sababmi, sig‘mas zaminga.
Tizzagacha yerga botadir,
Boshi tegib baland osmonga.
Oromi yo‘q uning Vatanda,
Hijratda ham topmas halovat.
Bir so‘z bilan ta’riflaganda:
Harorat, Harorat, Harorat!
Muhabbat Safoyeva,
Xorazm.