Yigirma yetti yoshga to‘lgan fuqarolar Qurolli Kuchlar zaxirasiga o‘tkaziladi

Prezident 5 sentyabr kuni “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Mazkur Qonun Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma’qullangan edi.

Qonun bilan harbiy tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, muddatli harbiy xizmatni ofitserlar tarkibi lavozimlarida o‘tayotgan ofitserlar uchun va muddatli harbiy xizmatni oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibi lavozimlarida o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun muddatli harbiy xizmatni o‘tashning yagona muddati belgilandi.

Chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv muassasalarida emas, balki Mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazlarida amalga oshiriladi.

Shuningdek, fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish umumta’lim maktabini yoki o‘rta-maxsus ta’lim muassasasidagi oxirgi o‘qish yilining aprel-may oylarida amalga oshirilishi, fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan yiliga bir marta – mart-aprel oylarida o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, chaqiriluvchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, uning ma’naviy va kasbiy fazilatlarini, shuningdek, oila a’zolarining moddiy va ijtimoiy ahvolini o‘rganish natijalariga muvofiq tuman (shahar) chaqiruv komissiyasi boshqa qarorlar bilan bir qatorda yigirma yetti yoshga to‘lganligi sababli Qurolli Kuchlar zaxirasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Shunday tartib mustahkamlandiki, unga ko‘ra oliy ta’lim muassasalaridagi ta’limning kunduzgi va kechki shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘z roziligi bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinishi mumkin. Bunda talabalar bir oylik harbiy yig‘inlarni o‘tashga iyul-avgust oylarida jalb etiladi.

Muxtasar qilib aytganda, Qonunning qabul qilinishi harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini va harbiy tayyorgarlik darajasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Boymatjon Rasulov,

Oliy Majlis Senati a’zosi.