Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish tartibi o‘zgardi: askarlarni jamoatchilik tanlaydi
Samarqand viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiruv bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Bahodir Ergashevning aytishicha, muddatli harbiy xizmatga saralashning yangi tartibiga ko‘ra, bu ish mudofaa ishlari bo‘limlari yoki boshqarma xodimlari zimmasida emas. Chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga loyiq yoki noloyiq, deb topish shahar yoki tumandayoq hal bo‘ladi.
Chunki hududiy tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya, viloyatda esa harbiy-tibbiy komissiya va rahbariyat Kengashi tashkil qilingan. Butlash va rahbariyat kengashi a’zoligiga davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklaridan vakillar jalb etildi. Ular saralash va tanlov ishlarida to‘liq qatnashdi.
Endi chaqiriluvchilar qayta-qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaydi. Tuman tibbiyot muassasalari shifokorlari chaqiriluvchini birlamchi ko‘rikdan o‘tkazadi, tuman tibbiy komissiyasi shu asosda nomzodning harbiy xizmatga yaroqli, davolanishga yoki zaxiraga yuborilishi haqida xulosa beradi. Harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchining umumjismoniy tayyorgarlik darajasi baholanadi va u bilan yakka tartibda suhbat o‘tkaziladi.
O‘tkazish joyi shahar va tuman hokimining qarori asosida belgilanadigan umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholashda tuman butlash komissiyasi turnikda tortilishi, 100 metr va 3 ming metrga yugurish normativlari bo‘yicha sinov o‘tkazadi.
Mazkur normativlardan birortasida 2 baho olgan chaqiriluvchi sinovlarni topshira olmagan hisoblanadi. Bunda turnikda 8-9 marta tortilsa, 100 metrga 14,5-15 soniyada, 3 ming metrga 13,20-14 daqiqada yugurib kelsa - 3, ya’ni qoniqarli baholanadi. Mazkur baholash natijalari asosida chaqiriluvchini harbiy-texnik mutaxassislik bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish yoki muddatli harbiy xizmatni o‘tashi uchun tavsiya beriladi yoki tavsiya berilmaydi.
O‘tgan yillarda chaqiriluvchilar kasbiy tanlov asosida test sinovlari topshirar edi. Endi O‘zbekiston tarixi, Amir Temur va boshqa ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga doir bilimlarni aniqlash uchun yakka tartibdagi suhbat o‘tkaziladi. Suhbat jarayonida chaqiriluvchilarning mahalla va jamiyatda tutgan o‘rni, oilaviy ahvoli, qiziqishlariga e’tibor qaratiladi.
Butlash komissiyasida chaqiriluvchi byurokratik to‘siqlarga uchramasligi uchun unga tegishli harbiy okrug vakili raislik qiladi. Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari vakillaridan iborat komissiya chaqiriluvchini sinov yakunlari asosida muddatli harbiy xizmatga chaqirish uchun qo‘shin turiga tayinlaydi.
Savol tug‘iladi: tuman hududiy komissiyasi nima ish qiladi?
Tuman hokimining o‘rinbosari boshchilik qiladigan komissiya harbiy xizmatga yaroqli, deb topilgan, biroq sinovlardan o‘tolmagan chaqiriluvchilarni safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilish, chaqiruvni kechiktirish yoki zaxiraga olish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Komissiya tarkibi mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vakilidan iborat bo‘ladi.
Chaqiriluvchi tanlovda bir yilda faqat bir marta ishtirok etishi mumkin. Tuman komissiyalarida tanlovlardan o‘tgan chaqiriluvchi viloyat butlash komissiyasi tomonidan nomunosib, deb topilishi ham mumkin. Chunki bu yerda avval sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ajratilgan vrachlar chaqiriluvchilarning salomatligi darajasini aniqlab berardi. Bugungi kunda viloyat harbiy-tibbiy komissiyasiga harbiy gospitaldan shifokor-mutaxassis raislik qiladi. O‘z navbatida, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan faqat lor, psixiatr va okulist vrachlar ajratilgan. Xirurg, nevrapotolog va terapevt vrachlar harbiy gospitaldan jalb qilinadi.
Ular bergan xulosa asosida chaqiriluvchi muddatli harbiy xizmatga, ehtiyoj tug‘ilsa, harbiy gospitalga qo‘shimcha tekshiruv uchun jo‘natiladi. Harbiy xizmatga yaroqsiz, deb topilib, hujjatlari tuman hududiy komissiyasiga yuborilishi ham mumkin.
Chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga jo‘natish joriy yil mart-aprel oylarida amalga oshiriladi. Bunda avval muddatli harbiy xizmatga loyiq, deb topilgan chaqiriluvchi rahbariyat kengashi tomonidan tegishli qo‘shin turiga tayinlanadi. Ya’ni, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari raislik qiluvchi rahbariyat kengashi chaqiriluvchini harbiy xizmatga chaqirib, harbiy qismga yuboradi.
Tegishli vazirliklar vakillaridan iborat rahbariyat kengashi quyi komissiyalar ishlaridan norozi bo‘lgan chaqiriluvchilarning shikoyatlarini ko‘rib chiqib, shu yerning o‘zida yechimi bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi.
Yo.Marqayev tayyorladi.