Yil boshidan buyon aliment to‘lovidan muntazam bo‘yin tovlagan 343 kishi ma’muriy, 57 kishi esa jinoiy javobgarlikka tortilgan

Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi organlari ish yurituvida joriy yilning o‘tgan davrida 38.548 aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha amalga oshirilgan. Natijada aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 55 mlrd. so‘m undirilib, shundan 35,9 mlrd. so‘m mablag‘lar avtomatlashtirilgan elektron nazorat tizimi orqali undiruvchilar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib berilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Aliment to‘lovlari jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori bilan tashkil etilgan “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorlarning 102 nafar undiruvchilariga 905 mln. so‘m zarar pullari to‘lab berildi.

Bundan tashqari, qarzdorlar o‘rtasida olib borilgan profilaktik suhbatlar va tushuntirish ishlari davomida qarzdorlar tomonidan oldindan to‘lov sifatida (bola 18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan davr uchun) umumiy hisobda 2,1 mlrd. so‘mlik mol-mulklar va pul mablag‘lari, shu jumladan 1,7 mlrd. so‘m naqd pullar, 1 ta 334 mln. so‘mlik avtotransport vositasi farzandlarining ta’minoti uchun topshirilishi ta’minlangan.

Aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor va undiruvchilar o‘rtasida olib borilgan profilaktik suhbatlar va chora-tadbilar mahsulida 3 596 ta yosh oilalar yarashtirilgan.

Shu kabi, aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha bandlik va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 937 nafarga yaqin aliment to‘lovchi qarzdorlar ishga joylashtirilib, ularning bandligi ta’minlangan va aliment undiruvlari ularning ish haqlarini ma’lum miqdoriga qaratilgan.

Shu bilan birga, o‘tgan davrda qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida, aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam ravishda qasddan bo‘yin tovlab kelgan jami 343 nafar qarzdorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 474-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka va 57 nafari esa Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.

Rifat BO‘RIYeV,
Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi inspektori.