Yo‘l harakati qoidalariga nega amal qilmaymiz?

Bugungi kunda yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar, ular ortidan sodir bo‘layotgan jinoyatlar kamaygani yo‘q. Haydovchilar va piyodalar yo‘l-harakati qoidalariga amal qilmayotgani bugunning dolzarb muammolaridan biridir. Masalan, joriy yilning 29 mart kuni soat 23:40 da Samarqand shahrida yashovchi fuqaro D.M. o‘ziga tegishli bo‘lmagan “Lacetti” rusumli 30 V 377 LA avtomashinani Gagarin ko‘chasi tomondan Beruniy ko‘chasiga boshqarib borayotganda yo‘ldan o‘tayotgan urgutlik  fuqaro S.Z.ni urib yuborgan. S.Z olgan tan  jarohati natijasida voqea joyida vafot etgan.

Yo‘l-harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida bir kishi olamdan o‘tdi, ikkinchisi esa jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi. Bu kabi fojialarni oldini olish nafaqat soha mutaxassislarining vazifasi, balki har kimning burchidir.

“Juma - yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti kuni” munosabati bilan viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi  boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik I.Eshmurodov hamda Samarqand shahri IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik R.Toshmurodovlar aholi bilan uchrashib, yo‘l harakati belgilariga kiritilgan yangiliklar, yo‘l harakati xavfsizligiga amal qilmaganlarning ayanchli ahvoli haqida tushuntirish ishlari olib borishdi.

Uchrashuvda mast holatda avtomashina boshqarishning yomon oqibati, bunday haydovchilarga ko‘rilgan choralar yuzasidan  ham ma’lumotlar berildi. Ushbu holatlar «Hilol» mahalla fuqarolari bilan birgalikda muhokama qilindi.