Yomon odatlar meros bo‘lib qolmasin!
Ukam Ravshan Toshkentda yashaydi. Yaqinda bir to‘y bahona Samarqandga kelib, biznikida mehmon bo‘ldi.
- Aka, yangi uyga ko‘chib o‘tganingizni eshitganimdan beri siznikida mehmon bo‘lishga qiziqib yurgandim, - dedi u. – Toshkentdan Qo‘shrabotga o‘tib qaytayotganimda ko‘p bor guvoh bo‘lganman, hozir siz yashayotgan Qorasuv massivi o‘rni bir paytlar qanday ahvolda edi-yu hozir qanday?! Bu yerda ko‘p qavatli uylar qurilib, katta bir shaharcha paydo bo‘lgani mo‘’jizadek gap.
Kechki ovqatdan keyin ukam shaharchani piyoda yurib tomosha qilishni istayotganini aytdi.
- Xo‘p, aylanishga chiqamiz-u, ammo kulmaysan, - dedim tungi sayr davomida yangi shaharchaning ayrim kamchiliklarini ko‘rib, ukamning kayfiyati buzilishi mumkinligini o‘ylab. - Massivimizda hali qurilish ishlari davom etyapti. Mashinalar ko‘p, katta ko‘chalarimiz chang. Avtoturargohlar kam. Shuning uchun odamlar avtomashinasini velosiped va piyodalar yo‘laklarida qoldirib, uyiga kirib ketaveradi. «Yangi O‘zbekiston» bog‘i ham shu yerda barpo etilgan, lekin hali kamchiliklari bor ekan, ochilmadi.
- Hechqisi yo‘q, aka. Shunchaki ko‘p qavatli uylarning atrofida biroz aylanib kelamiz. Ovqatimiz hazm bo‘ladi.
Ikkovlon sayrga chiqdik. Ravshan Samarqandda ham shunday baland imoratlar qurilganidan xursand ekanligi haqida gapirib ketayotgan bir paytda sal narida qo‘liga katta toshni ko‘tarib, bir tengdoshiga qarata otishga shaylanib turgan 5-6 yashar bolaga ko‘zimiz tushdi.
- Yonimga kel, - derdi u g‘azab bilan. – Agar kelmasang, shu tosh bilan kallangni yoraman! Uchgacha sanayman: Bi-i-ir, ikki-i-i...
Bor ovozim bilan unga qarab baqirdim:
- Ey, bola! Tashla toshni!
Bu baqirishimdan yonimdagi mehmon ham cho‘chib tushdi. Bola ham birdan biz tomonga o‘girilib qarab, toshni yaqinida turgan chiqindi qutiga uloqtirdi va qo‘llarini changdan tozalaganday kaftlarini bir-biriga urib qo‘ydi.
- Urushmanglar, - dedimda, yo‘limizda davom etdik.
- Gap yo‘q, aka sizga, - dedi Ravshan. – Yoshligimizda qishloqdagi qo‘shnilarimizning to‘polonchi bolalarini ham tarbiyalashga harakat qilardingiz, esingizdami?! Ko‘pchiligi sizni yomon ko‘rishardi.
Ikkalamiz qishloqda boshimizdan o‘tkazgan qiziqarli voqealarni eslab, kulishdik. Yo‘limizda yana ikki bola uchrab qoldi. Ular aka-ukaga o‘xshardi. Kichigi kattarog‘iga:
- Uyga kirsang... – deya so‘kina ketdi.
Ravshan menga qarab, nimadir demoqchi edi. Bolalarga yaqinroq yo‘lakda ketayotgan yoshi kattaroq odam muloyimlik bilan dedi:
- Hay, bolam, so‘kinish yaxshimas...
U kishi yana nimalardir demoqchi edi, ammo gapi og‘zida qoldi. Sababi, bolakay uni ham sansirab, bo‘ralatib so‘kdi. Shunda sal naridagi o‘rindiqda o‘tirgan bir ayol bolalarning ismini aytib chaqirdi:
- Tez kelinglar, uyga kiramiz. Dadang ishdan qaytayotgan ekan.
Bolakaydan so‘kish eshitgan kishi farzandining bu qilig‘ini kuzatib turib ham pinagini buzmagan ayolga qarab shunday dedi:
- Singlim, bu bolalaringizni sal tartibga chaqirsangiz bo‘lmaydimi?
- Ey, e’tibor bermang, amaki, so‘kinish ota-bobosidan meros, qonida bor.
Haligi odam afsuslanganday boshini sarak-sarak qilib, yo‘lida davom etdi.
- Bilasizmi, aka?! – dedi Ravshan. - Shu odam bolaga gapirishidan oldin sizga nima demoqchi edim?
- Xo‘sh?
- Iltimos, shularning ishiga aralashmang, demoqchi edim.
- Ha, lekin baribir ana shunday holatlarga duch kelsam, asabim dosh bermaydi.
- Esdan chiqarmang, biz sayrga, dam olishga chiqqanmiz.
- Uzr, sening ham asabingni buzdimmi?
- Yo‘g‘-yey, nimaga unaqa deysiz!?
- Bunday vaziyatlarga duch kelishning foydali tomonlari ham bor. Masalan, bugun guvohi bo‘lganimiz – ikki holat haqida yozsam, bir maqola tayyor bo‘ladi.
- Ha, bu yaxshi, ammo farzandlari so‘kong‘ich, to‘polonchi bo‘lgan ota-onalar o‘sha maqolalaringizni o‘qishiga ko‘zim yetmaydi-da.
- Balki...
Oradan ikki kun o‘tib, Ravshan qo‘ng‘iroq qildi:
- Aka, maqolangizni hali yozib tugatmagan bo‘lsangiz, yana bir voqeani aytib beray. Qo‘shib qo‘ying!
- Qani, aytchi?
- Hozirgina Sergelidagi bir minimarketga kirgandim. Chamasi 10 yashar bola kelib, sotuvchidan sigareta berishini so‘radi. Sotuvchi esa yosh bolalarga sigareta sotmasligini aytdi. Bola o‘ziga emasligi, dadasi uchunligini tushuntirmoqchi bo‘ldi. Sotuvchi baribir rad javobini berdi. Shunda bolakay dadasiga qo‘ng‘iroq qilib, holatni tushuntirdi. U yoqdan «sotuvchiga ber!», degan ovoz keldi. Bola telefonni uzatayotganida sotuvchi gaplashishni ham xohlamasligini, dadasi kelmasa, baribir unga sigareta sotmasligini aytdi. Shunda telefondan «Chiqib ket, o‘g‘lim. Bu magazindan endi hech qachon hech narsa sotib olmaymiz», degan ovoz keldi. «Mijozlarimiz bittaga kamaysa kamayibdi-da», deb kulib qo‘ydi sotuvchi.
To‘lqin Siddiqov.